Jamiyat | 19:31 / 17.05.2019
48972
5 daqiqa o‘qiladi

«Partasiz o‘qiyotgan yoshlar». Surxondaryoga «oltinboshlar» kerak emasmi?

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani 42-maktab o‘quvchilari tik turib ta'lim olishadi. Bu bilim olishning innovatsion uslubi yo maxsus o‘qitish metodi emas, shunchaki sinfdagi bolalarga parta va stullar yetmaydi. Ustiga ustak, sinfxonaning o‘zi tovuq katagiday tor, bir aylansangiz tugab qoladiganlari ham bor. Va bu hammasi emas...

Video: YouTube

Video: Mover (tas-ix)

Joriy yilda O‘zbekistonning tog‘li va tog‘oldi hududlariga sel keldi va hamon bunday xavf saqlanib qolmoqda. Oltinsoy tumanida joylashgan 42-maktab ham sel kelish xavfi yuqori bo‘lgan soybo‘yi hududida joylashgani tufayli vaqtinchalikka yopildi. Maktab ma'muriyati va o‘quvchilar Oltinsoy Iqtisodiyot va servis ko‘rsatish kasb-hunar kolleji binosiga o‘tkazildi.

Aslida 120 o‘rinli maktabgacha ta'lim muassasasi sifatida qurilgan, ayni paytda yopib qo‘yilgan maktabda ham o‘quvchilarga parta va stullar yetishmasdi. Bolalar navbatchilik asosida stullarga o‘tirib, ta'lim olib kelishgan. Endilikda kollej binosida ham shu muammo qaytarilmoqda. 

«Bitta maktabga haqqimiz yo‘qmi? Biz ham O‘zbekiston fuqarolari emasmizmi? Nega bolalarimiz uzoq yo‘l yurib, tik turib, oyna oldida doskaga mo‘ltirab qarashi kerak, axir?», – deydi holatdan norozi bo‘lgan ota-onalardan biri.

10 sinf o‘quvchilari biologiya fanini sport zalda, o‘rta sinf o‘quvchilari informatikani daftar va kitobdan, tarixni esa oyna yonida tik turib o‘rganmoqda.

Tuman Xalq ta'limi bo‘limi rahbari moslashtirilgan binodan chiqib, kollejga o‘tkazilgan maktab jamoasiga 26ta xona berilganini aytmoqda. Ammo kollej mezboni, direktor maktab uchun kollejdan 11ta xona ajratganini ma'lum qildi. 

«Qani bolalarning qiynalayotgani? Ikki smenada o‘qishni tashkil etsa bo‘ladi-ku? Nega ertaroq kelishmadi? Mening ham o‘quvchilarim bor (kollej o‘quvchilari nazarda tutilmoqda - tahr.), ular har kuni amaliyot hisobotini topshirgani keladi» , –  deydi u. 

Direktorning so‘zlari ishonchsiz eshitildi, negaki, kun tushdan og‘gan bir paytda kollej binosida emas, uning atrofida ham uning o‘quvchilari yo‘q edi. Shunga qaramay, direktor yaqin atrofdagi maktablardan kasbiy ta'limni o‘rganish uchun maktabning yuqori sinf o‘quvchilari kelishini ta'kidladi. Bu gap ham ishonchsiz chiqdi: ayni kollejga ko‘chib o‘tgan 11 sinf o‘quvchilari tikuvchilikni «nasiya» qilib, uyga ravona bo‘lib turganda ko‘zga tashlandi. 

«Kasbiy ta'lim juda zo‘r va mahorat bilan o‘tilmaydi. Ba'zi kunlari darsga o‘qituvchi ham kelmaydi» , – deydi o‘quvchilardan biri. 

Agar kollej o‘quvchilari amaliyotga chiqib ketgan bo‘lishsa, binoning yarmi bo‘shab yotgan bir paytda, nega maktab jamoasi bo‘sh xonalardan foydalanishga haqli emas? Kollej direktorining niyati bizga tushunarsiz bo‘ldi, ammo uning so‘zlari bir narsaga ishora qilardi: kollejda ta'lim davom ettayotganini qog‘ozda bo‘lsa-da, isbotlash lozim. Shuning uchun xonalar saqlanmoqda. 

Qariyb 7 km masofadan piyoda har kuni maktabga qatnaydigan Ilyosning esa ta'limga bo‘lgan muhabbati aslo so‘nmagan: uning ilinji hali bor. 

«Taxminan 10tadan ortiq katta-kichik adirdan o‘tib, maktabga kelaman. Tez yursam, 1 soatda, sekin yursam, juda ko‘p vaqt sarflab yetib kelaman. Men katta bo‘lib, shifokor bo‘lishni, odamlarni davolashni istayman», –  deydi u. 

Ilyos bazo‘r ishlab turgan, shu kunlarda yopilib ketish arafasida qolgan tibbiyot punktida ishlab, qishloq ahlining salomatligini o‘ylamoqda. Ammo oliy ma'lumotli, tajribali rahbarlar esa masalaga panja ortidan qarab, 7 km masofani tik adirlar orasidan kesib chiqayotgan Ilyosdek qishloq bolalariga achinmaydi. Ularning ta'limga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nib qolishidan qo‘rqmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid