O‘zbekiston | 18:50 / 18.05.2019
8237
4 daqiqa o‘qiladi

Innovatsiya bo‘yicha ekspert: «Mamlakatga vitamin emas, og‘riq qoldiruvchi innovatsiya kerak»

O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilyapti, ammo, shunga qaramay, sanoqli startaplargina o‘zini oqlab, «tirik qolmoqda». Bu xususida Innovatsion rivojlanish vazirligining «O‘zbekistonda innovatsion ekotizim rivojlanishida startap loyihalar va yosh olimlarning ilmiy stajirovkalari taraqqiyot omili sifatida» mavzusidagi matbuot anjumanida so‘z bordi.

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarovning ta'kidlashicha, startaplar innovatsiyaning muhim manbasi, iqtisodiyotning rivojlanishiga turtki beruvchi kuch. Biroq ko‘pgina startap loyihalar axborot texnologiyalari bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Natijada tabiiy fanlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar startap ekotizimidan chetda qolyapti. O‘z navbatida, dunyo tajribasi tabiiy fanlar yo‘nalishidagi startaplar eng daromad keltiradigan va tez sur'atlarda o‘suvchi segment ekanligini ko‘rsatadi.

Azimjon Nazarov

Anjumanda nega ko‘plab startap loyihalar o‘zini oqlamayotgani masalasi ko‘tarildi. Vazirlik eksperti Odiljon Abdurazzoqov startap loyihalar ko‘zlangan maqsadga erishishi uchun nimalarga e'tibor qaratish kerakligi xususida taqdimot qildi.

Odiljon Abdurazzoqov

─ Ko‘pchilik innovatsion muhitni yaxshilash uchun avvalo qonunchilik bazasini yaxshilash kerak, deb o‘ylaydi va normativ hujjatlar ishlab chiqishga e'tibor qaratadi. Ammo xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, avvalo «talant hovuzi»ni yaratish kerak. Ya'ni ko‘pchilikdan farqli, an'anaviy qoliplardan tashqari fikrlaydigan, yo‘q joyda ham imkoniyatni ko‘ra oladigan kadrlarni tayyorlash lozim. Buning uchun ta'lim muassasalarida kreativ fikrlashga o‘rgatuvchi fanlarni kiritish maqsadga muvofiq. Misol uchun, Isroilda harbiy xizmatga borgan yigitlarga dasturlash kurslari o‘qitiladi. Natijada, ular xizmatdan qaytgach, egallagan ko‘nikmalari orqali yangi innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston sharoitida ham bu tajribani qo‘llash mumkin.

Innovatsiya ikki turda bo‘ladi: vitamin va og‘riqni qoldiruvchi. Bizning aksariyat startapperlarimiz yangi narsani bozorga olib chiqishga intiladi, ya'ni bu vitamin innovatsiya. Innovatsiya og‘riqni qoldiruvchi bo‘lsa, ya'ni mavjud biron muammoni hal qilishga yo‘naltirilib, bor imkoniyatdan foydalanishga asoslansa, muvaffaqiyatga erishish imkoniyati ortadi. 

Innovatsion loyihalarga yordam beruvchi katalizatorlar ─ kovorking markazlari, texnoparklarni yaratish kerak. Xususan, ko‘p hollarda bo‘lganidek ularning hashamatli jihoz bilan to‘ldirilib, huvillab yotishini emas, balki yosh startapperga real bilim va ko‘nikmalarni berishini yo‘lga qo‘yish lozim.

«Tanlovlarda o‘z loyihasi bilan ishtirok etadigan startapperlarning aksariyati uzoqni ko‘zlamaydi, foyda qilishni emas, beriladigan grant mablag‘ni qo‘lga kiritish haqida o‘ylaydi. Ko‘pchiligining biznes rejasi xom, 70 millionga qilish mumkin bo‘lgan ish uchun 2 mlrd talab qiladi. Shu bois ular o‘zini oqlamaydi, ishonchsiz», ─ deydi Dekos kompaniyasi direktori, tadbirkor Hasan Mamasaidov.

Mavzuga oid