O‘zbekiston | 13:49 / 06.07.2019
5261
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilmiy-ommabop QVANT platformasi yaratildi

O‘zbekistonda yangi ilmiy-ommabop platforma ishga tushdi. Bosma jurnal, YouTube tarmog‘idagi videokontent, veb-sayt (www.qvant.io), vebinarlar va audiofayllar jamlanmasini o‘zida jamlaydigan QVANT ilmiy platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur platforma ilm-fanni keng auditoriyaga tushunarli tarzda yetkazishni maqsad qiladi. QVANT jurnali ikki oyda bir marotaba nashr etiladi, kontent rus va o‘zbek tillarida taqdim etiladi. U aniq va ijtimoiy sohalar bo‘yicha ilmiy qarashlar, ma'lumotlarni keng aholi uchun sodda tilda taqdim etishga mo‘ljallangan. Markaziy Osiyo intellektual hayotining uzviy qismi bo‘lishi kutilayotgan jurnal ixtirochilar, innovatorlar, olimlarga o‘z ishlarini, iqtidorlarini namoyish etish, g‘oyalari va fikrlarini keng auditoriyaga yoyish uchun imkoniyat yaratadi. Jurnalda startaplar, yosh olimlar, tadbirkorlar haqida ma'lumotlar berib boriladi, turli jabhalardagi innovatsiyalar yoritiladi. Ma'lum qilinishicha, mazkur jurnalda o‘z ilmiy maqolalari bilan qatnashishga bir qator xorijiy ekspertlar ham qiziqish bildirgan. Jurnal tahrir hay'ati ham xalqaro miqyosda tan olingan olimlar, xorijiy ekspertlardan iborat.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda ilm-fan borasida ekotizim yaxshi shakllanmagan. Ilm-fan qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, uning natijasini amaliyotga, ishlab chiqarishga tatbiq etish oqsamoqda, ilm mahsullari monetizatsiya qilinmayapti.

«Hozir innovatsiyalar haqida ko‘p gapiryapmiz. Odamlar savol berishadi: bizda qanaqa innovatsiyalar, qanaqa loyihalar bor, deyishadi. Demak, ko‘pchilikning qilinayotgan ishlardan xabari ham yo‘q, yaxshi targ‘ibot qilinmayapti. Ilmiy-ommabop nashrlar mana shu targ‘ibot va tashviqotni amalga oshirishga yordam beradi. O‘zbekistonda innovatsiyalarni targ‘ib qiladigan, sodda tilda tushuntira oladigan ilmiy jurnal ilgari bo‘lmagan. Bu jurnal ilk ilmiy-ommabop nashr hisoblanadi. Bunaqa jurnallar ko‘payishi kerak», ─ deydi Abdurahmonov o‘z nutqida.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

QVANT platformasining muallifi «Dunyoning eng ko‘p iqtibos keltiriladigan va maqolalari chop etiladigan 100ta yosh olimi» ro‘yxatiga kiritilgan Rauf Salaxo‘jayev hisoblanadi. «Olim o‘zining faoliyatini laboratoriyasini tozalayotgan farroshga tushuntirib bera olmas ekan, demak, uning o‘zi ham qilayotgan ishining mohiyatiga tushunmaydi. Har bir ilm odamida Eynshteynning miyasi va santexnik qo‘llari bo‘lishi lozim. Ya'ni u o‘z ilmiy qarashlarini barcha tushunadigan shaklda yetkazib berishi, mohiyatini amalda ochib bera olishi kerak. Shundagina uning ilmiy ishi qiymatga ega bo‘ladi», ─ deydi Rauf Salaxo‘jayev.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

G‘oya muallifi platformaning bunday nomlanishiga ham izoh berdi: «Olimlar faol ilmiy faoliyat olib borayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston ilm-fan bo‘yicha xalqaro reytinglarda quyi o‘rinlarda qolmoqda. Kvant ─ energiyaning eng kichik, lekin muhim o‘lchov birligi. Jurnalni bunday nomlashimizga sabab, O‘zbekiston ilm-fanida kvant darajasida bo‘lsa ham o‘zgarish qilishdir».

«Biz O‘zbekistonni ikkinchi Koreyaga, Markaziy Osiyoning Singapuriga aylantirishimiz mumkin. Buning uchun esa intellektual potensialni oshirishga e'tibor qaratishimiz kerak», ─ deya qo‘shimcha qildi loyiha rahbari.

Mavzuga oid