Toshkentda MGIMO bitiruvchilarining 5-forumi o‘z ishini boshlaydi
Toshkentda 19 may kuni MGIMO (Moskovskiy gosudarstvennyy institut mejdunarodnyx otnosheniy) – Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti birituvchilarining 5-forumi ochiladi. Forum ishtirokchilari orasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Mo‘g‘uliston va Slovkaiya tashqi ishlar vazirlari Damdingiyn Tsogtbaatar va Miroslav Laychak, Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov, Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azer Talibov va boshqa ko‘plab nomdor kishilar bor. MGIMO kuzatuv kengashi a'zosi, TASS axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusman forumning bosh sessiyasi moderatori bo‘ladi.
Avvalroq forumlar Boku, Moskva, Yerevan va Ostonada bo‘lib o‘tgan. Institut rektori, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Anatoliy Torkunovning aytishicha, Toshkent bejizga anjumanni o‘tkazish uchun maydoncha sifatida tanlanmagan.
“Bu yerda sobiq ittifoq vaqtida ta'lim olgan ko‘plab bitiruvchilarimiz hamda O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin o‘qiganlar ishlaydi. Endilikda ular ko‘plab tuzilmalarda, tashqi siyosat, biznes, ta'lim va madaniyat sohalarida muvaffaqiyatli ishlashmoqda”, deb aytgan Torkunov.
Forum ishtirokchilari jahon kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishadi. Forum doirasida xalqaro xavfsizlik, Markaziy Osiyo muammolari, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar istiqbollariga bag‘ishlangan katta anjuman bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, mehmonlarga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati haqida ma'lumot beriladi. Shuningdek, MGIMOning joriy yil O‘zbekistonda ochiladigan filiali taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Vladimir Medinskiyning fikricha, forum nafaqat institutdagi do‘stlarning uchrashuv joyi, balki “galstuklarsiz” muloqot qilish uchun ajoyib maydoncha hisoblanadi.
MGIMO Rossiyaning xalqaro yo‘nalishdagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Uning tashkil etilgan sanasi 1944 yil 14 oktabr hisoblanadi. 1946 yildan boshlab institutga xorijiy davlatlardan talabalar qabul qilina boshlangan.
Mavzuga oid
18:07
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024