Sport | 11:00 / 20.05.2019
14891
7 daqiqa o‘qiladi

Madrid «Barsa»ga pastdan turib qaraydi. La Ligada mavsum yakunlari

Ispaniya La Ligasida 88-mavsum tarixga aylandi. 

Ispaniya chempionati. 38-tur
«Eybar» - «Barselona» - 2:2
 (2:2)
Gollar: Kukurelya, 20 (1:0). Messi, 31 (1:1). Messi, 32 (1:2). De Blasis, 45 (2:2).
«Eybar»: Dmitrovich, Ramis (Alvares, 77), Xose Anxel, Oliveyra, Kukurelya, Xoan Xordan, Eskalante, Orelyana, Serxio Enrich (Kike, 66), Sharles (Kardona, 85), De Blasis.
«Barselona»: Sillessen, Pike, Jordi Alba, Serji Roberto, Semedu (Vage, 46), Langle, Rakitich, Vidal, Buskets (Alenya, 65), Messi, Malkom (Peres, 73).
Ogohlantirishlar: Ramis, 33. Semedu, 42. De Blasis, 44. Xose Anxel, 80. Jordi Alba, 83. Eskalante, 83.
Hakam: Munuera Montero (Ispaniya).
19 may. Eybar. «Ipurua» stadioni.

Bir yil muqaddam ko‘pchilik yangi mavsum «Atletiko»niki bo‘lishi haqida taxmin qilayotgan, chunki Yevropa Ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan «matraschilar» Simeone va Grizmanni tarkibda saqlab qolishgach, UYeFA Superkubogi uchun bahsda «Real»ni yakson etishgandi (4:2). «Qirollik klubi» Lopetegi boshchiligida qayta qurish davrini boshdan kechirishi, Rimda katta muvaffaqiyatsizlikka uchragan Valverde boshchiligidagi «Barselona»da esa tushkunlik kuzatilishi kutilgandi.

«Real»da chindan ham qayta qurish davri boshlandi. Ammo Peresning sabrsizligi tufayli avvaliga birinchi arxitektor, keyin ikkinchisi ishdan bo‘shatildi. Shundan so‘ng, klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy ishga qaytarildi - ammo Zidan ham madridliklarni qo‘rqinchi tushdan olib chiqolmadi. Yakshanba kuni mavsumning oxirgi turi doirasida «Santyago Bernabeu»da «Betis»dan uchralgan mag‘lubiyat - mavsum uchun haqiqiy baho bo‘ldi. «Real» mavsumda barcha turnirlar doirasida 18 bor mag‘lub bo‘ldi (klub tarixidagi eng yomon ikkinchi ko‘rsatkich, oxirgi marta bunday ko‘rsatkich 1994/95 yilgi mavsumda qayd etilgan, klub tarixidagi eng yomon natija esa 1984/85 yilgi mavsumda kuzatilgan - 19 mag‘lubiyat), La Ligadagi 38 uchrashuvdan 12tasida yutqazdi (so‘nggi 20 yillikdagi antirekord), 5 bor durang o‘ynadi, 21 g‘alabaga erishdi va 68 ochko (so‘nggi 17 yil ichidagi eng yomon natija) bilan uchinchi o‘rinda qoldi - madridliklar turnir jadvali peshqadami «Barselona»dan 19 ochko ortda qolishdi (Bu ham antirekord. Avvalgi antirekord o‘tgan yili qayd etilgan - 17 ochko).

«Barselona» mavsum uchun asosiy maqsad sifatida Chempionlar ligasi g‘olibligini belgilagandi, ammo jamoa yarimfinalda muvaffaqiyatsizlikka uchradi («Liverpul»ga qarshi 3:0, 0:4),ammo Valverde o‘z jamoasi bilan qatorasiga ikkinchi mavsumda ham Ispaniya chempionligiga erishdi - ko‘k-anorranglilar «qaymoqranglilar» inqirozidan va «matraschilar»ning beqarorligidan unumli foydalandi. Simeone jamoasi asosiy raqiblar bilan uchrashuvlarda birorta ham g‘alabaga erisha olmadi va bu safar ham chempionlik poygasini erta tark etishdi.

Natijada bu mavsumda Madridning asosiy qahramonlari «Atletiko» ham, «Real» ham emas, «Xetafe» bo‘ldi. Poytaxtliklarning kumush va bronza medallari hech kimni hayratlantirmaydi, Madrid atrofidagi kichik jamoa oxiriga qadar YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdi va «Sevilya», «Espanol», «Atletik» klublarini ortda qoldirgan holda beshinchi o‘rinni egalladi hamda keyingi mavsumda yevrokuboklarda Madriddan uch jamoa bo‘ladi - «Xetafe» Yevropa Ligasiga yo‘llanma oldi. Bu jamoaga yevromaydondagi debyutida oltinchi o‘rin egasi «Sevilya» hamrohlik qiladi.

Bu kichik jamoa oxirgi turga qadar «Valensiya» va «Sevilya» bilan birgalikda to‘rtinchi o‘rin uchun raqobat qildi. Ammo oxirgi tur natijalariga ko‘ra, mavsum boshida 15 turdan keyin 15-o‘rinda bo‘lgan «ko‘rshapalaklar» jamoasi qish va bahorda ko‘rsatgan o‘yinlari evaziga YeChL yo‘lllanmasiga ega chiqdi - jamoa oxirgi turlarda uzluksiz g‘alaba qozondi.

Turnir jadvalining quyi qismida ham kurash keskin kechdi, oxirgi turlarda «Rayo Valekano» va «Ueska»ning asablari dosh bermadi va bu jamoalar muddatidan oldin ligani tark etishi ma'lum bo‘ldi. 37-turdan keyin bu kampaniyaga «Jirona» ham qo‘shildi. «Selta» ham oxirgi turlarga qadar «xavfli zona»da edi, ammo jamoani jarohatidan tuzalib qaytgan asosiy yulduzi Aspas qutqarib qoldi - ikki yarim oy davomida maydonda bo‘lmagan futbolchi mart oyida safga qaytdi va 9 o‘yinda 10 gol urdi (mavsum boshidan buyon 20 gol). Agar «mavsum qahramoni»ni aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazilsa, ushbu hujumchi katta farq bilan g‘alaba qozonsa kerak.

Messiga esa bu mavsumda hech kim raqobat qila olmadi, Ronaldu «Yuventus»ga ketganidan keyin unga raqiblik qiluvchi nomzodning o‘zi qolmagandi. Oxirgi turda argentinalik hujumchi dubl qayd etdi va «Oltin butsa» uchun poygada Kilian Mbappe bilan oradagi farqni yanada yiriklashtirdi: Messida endi 36 gol, fransiyalik hujumchida esa «PSJ»ning «Reyms»ga qarshi zaxira o‘yini arafasida 32 gol bor. Agar jahon chempioni bu zaxira o‘yinida qahramonlik ko‘rsatmasa, kataloniyaliklar hujumchisi oltinchi marta ushbu mukofotni qo‘lga kiritadi.

Lionel Messi Ispaniya chempionatining eng yaxshi to‘purariga aylandi. U 36 gol bilan 6-marta La Liga to‘purari bo‘ldi va bu borada Telmo Sarraning rekordini takrorladi. «Atletik» afsonasi 1944/45, 1945/46, 1946/47, 1949/50, 1950/51, 1952/53 yilgi mavsumlarda Ispaniya chempionati to‘purari bo‘lgan.

Bundan tashqari Messi to‘rtinchi marta bir mavsumda ham La Ligada chempion bo‘ldi, ham chempionat to‘purariga aylandi hamda bu borada «Real» futbolchisi Ugo Sanchesning natijasini takrorladi.

Turning barcha o‘yinlari

Turnir jadvalidagi yakuniy holat

Turnir to‘purarlari

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid