Sport | 12:30 / 23.05.2019
6581
2 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» va «Chelsi» YeL finali uchun o‘zlariga ajratilgan chiptalarning yarmini ham sota olmadi

Yevropa ligasi finaliga chiqqan Londonning ikki klubi o‘zaro uchrashuv uchun o‘zlariga ajratilgan chiptalarning bir qismini qaytarib beradigan bo‘ldi.

The Times xabariga ko‘ra, «Arsenal» va «Chelsi» jami 6000tadan ko‘proq, mos ravishda 3500 va 2000tadan chiptani realizatsiya qila olmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, UYeFA final ishtirokchilariga 5800tadan chipta ajratgan. Bu – Bokudagi «Olimpiya» stadioni sig‘imining 10 foizidan kamrog‘ini tashkil etadi. Musobaqa tashkilotchisi Ozarboyjon poytaxtiga yetib borish imkoniyati cheklangani tufayli shunday qarorga kelgan.

Qolaversa, UYeFA homiylari ham o‘zlariga tegishli 2000ta chiptaning barchasini tarqatib tugata olmagan, shu bois ma'lum qismini UYeFAga qaytarib yuborishiga to‘g‘ri kelgan.

Ingliz klublari va homiylar qaytarib bergan chiptalar endilikda Ozarboyjonda mahalliy muxlislar uchun sotuvga chiqariladi. Hozirgacha mezbon mamlakatda 23 mingdan ortiq chipta sotilgan. Qo‘shimcha biletlarga talab bor-yo‘qligi noma'lum.

Qayd etilishicha, Bokuga aviareyslarning kamligi, mavjud samolyot chiptalarining ham narxi qimmatligi, parvoz vaqtining uzoqligi, viza bilan bog‘liq muammolar va o‘yinning kech vaqtga belgilangani (mahalliy vaqt bilan soat 23:00) kabi omillar tufayli muxlislar finalni bevosita tomosha qilish istagidan voz kechishmoqda.

Avvalroq «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp «Bokudagi mehmonxonalarda 100 funtlik nomerlarning narxi 2700 funtga ko‘tarilib ketgani»ni eshitgani haqida aytgan edi.

Shuningdek, «Arsenal» bir necha marotaba UYeFA yevrokubok finali uchun Boku shahrini tanlaganini tanqid qilib chiqdi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid