Yaqin Sharqda yana keskinlik. Pentagon Eronni tiyib turish uchun 10 ming askar jo‘natishga tayyorlanmoqda
Payshanba kuni Pentagon Oq uyga Yaqin Sharqqa AQSh Qurolli kuchlarining qo‘shimcha kontingentini jo‘natish rejasini taqdim etadi. Gap minglab harbiylar haqida bormoqda - bu askarlar mintaqada AQSh va Eron o‘rtasida taranglik yuzaga kelgani munosabati bilan «himoya maqsadlari»da yuborilishi ko‘zda tutilmoqda.
Associated Press agentligi va CNN telekanali bir vaqtda o‘z shaxsini ochiqlashni istamagan bir necha amerikalik amaldorlarga asoslangan holda xabar berdiki, Mudofaa vazirligi (Pentagon) AQSh prezidenti ma'muriyatining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha xodimlariga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy qudratini kuchaytirish haqidagi rejani taqdim etgan. Gap bu hududga 10 ming nafar askar jo‘natish haqida ketmoqda.
Reuters muxbirlarining aniqlashicha, avvaliga AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Pentagonga qo‘shimcha 5 ming harbiy jo‘natish bo‘yicha so‘rov yuborgandi.
CENTCOM mas'ul bo‘lgan hududlarda 21 mamlakat joylashgan: shu jumladan, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Yaman va O‘rta Osiyo davlatlari - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.
Bundan tashqari, CENTCOM Qizil dengizi, Fors ko‘rfazi va Hind okeanining g‘arbiy qismidagi xalqaro suvlarini nazorat qiladi.
Oq uy Pentagonning tashabbuskori CENTCOM bo‘lgan so‘rovini qanoatlantiradimi? Bu hozircha mavhum.
Birinchidan, AQSh Mudofaa vazirligi odatda butun dunyo bo‘ylab joylashgan qo‘mondonliklaridan qo‘shimcha resurslar yuborish haqidagi so‘rovlarga rad javobi beradi.
Ikkinchidan, Oq uy va Pentagon Yaqin Sharqda harbiylar sonini oshirish kerak emas yoki hozircha kerak emas degan qarorga kelishi mumkin.
Uchinchidan, birdaniga 10 ming harbiy jo‘natishga zarurat bo‘lmasligi mumkin. Ularning bir qismi Eronni tiyib turish uchun zudlik bilan hududga tashlanishi, qolgani vaziyat o‘zgarishiga qarab jo‘natilishi mumkin.
Qayd etish kerakki, Pentagon avvaliga agar Eron mintaqadagi amerikalik harbiylarga hujum qilgudek bo‘lsa yoki yadroviy qurol yaratish ishlarini jadallashtirgudek bo‘lsa, 120 ming askar jo‘natish bilan tahdid qilgandi.
AQSh 11 may kuni Eron tomonidan kuchayib borayotgan «xavotirli alomatlar va ogohlantirishlar»ga javoban Fors ko‘rfaziga «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi, «Arlington» desantchi kemasi va kamida 5ta bombardimonchi samolyotdan iborat operativ guruhini jo‘natgandi.
Bundan ko‘zlangan maqsad Eron tomoniga «aniq va bexato signal» yo‘llashdan iborat.
Qatardagi Amerika bazasiga B-52 bombardimonchi samolyotlari uchib kelgan. Bundan tashqari, agar Eron agressiv harakatlana boshlasa, AQSh hududga ballistik va qanotli raketalarni, shuningdek, eng zamonaviy tipdagi harbiy samolyotlarni urib tushirishga mo‘ljallangan Patriot raketa mudofaa tizimini joylashtiradi.
Moskvaning pozitsiyasi qanday?
Chorshanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy Vashingtonni Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi.
«Asosiysi - vaziyatni keskinlashtirish kerak emas, lekin aftidan AQSh va uning ittifoqchilari Fors ko‘rfazida kimningdir asablari dosh bermasligini istamoqda», dedi Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov.
«Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan vaziyatni keskinlashtirishga qaratilgan harakatlar juda xavfli tus oldi. Bu yerda muhimi tomonlar o‘z hissiyotlarini boshqara olishi. Bu vaziyatda ayrim siyosatchilar sog‘lom fikrdan ustun kelishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur», dedi Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin.
Tramp Eronga urush bilan tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp 19 may kuni Eronni yakson etishi mumkinligi haqida gapirdi.
«Eron biz bilan urushmoqchi bo‘lsa, bu ular uchun rasman yakun bo‘ladi. AQShga tahdid qilish yaxshilikka olib kelmaydi», dedi Tramp urush bo‘lsa, AQSh Eronni kunpayakun qilajagiga ishora qilib.
Ikki kun o‘tib AQSh Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Patrik Shenaxan (Jyeyms Mettis o‘tgan yil dekabrida Pentagon rahbarligidan iste'foga chiqqandi) AQSh Eron bilan urush qilish niyatida emasligini ma'lum qildi. «Gap faqat Yaqin Sharqdagi manfaatlarimiz va missiyalarimiz himoyasi haqida ketmoqda», dedi u.
O‘sha kuni, 21 mayda Tramp Tehron bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. «Agar ular qo‘ng‘iroq qilishsa», dedi u.
«Eron hech qachon majburlikdan muzokara o‘tkazmaydi. Eronliklarga tahdid qilib hamkorlikka majburlash to‘g‘ri bo‘lmaydi», dedi Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif CNN uchun bergan intervyusida.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) brigada generali Amir Ali Hojizoda esa AQSh Fors ko‘rfazida faol harakatlar olib boradigan bo‘lsa, Eron bunga zudlik bilan bunga javob qaytarajagini aytdi. Hojizodaning so‘zlariga ko‘ra, ilgari Eron qirg‘oqlari yaqinida AQSh harbiylari bo‘lishi tahdid edi, hozir esa bu «imkoniyat»ga aylangan. U, shuningdek, agar amerikaliklar tajovuzkorona harakatlarni boshlasa, Eron «ularning kallasiga urishi»ni qo‘shimcha qilgan.
IIQK bosh qo‘mondoni general-mayor Husayn Salomiy AQSh mintaqada psixologik urush boshlaganini bildirgan.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy AQSh va jahon davlatlarining boshqa yetakchilari bir necha marta muzokaraga chorlagani, AQSh Davlat departamenti esa Tehronga 8 marta rasmiy so‘rov yuborgani haqida ma'lum qildi. U ham mavjud sharoitlarda muloqot boshlash to‘g‘ri bo‘lmasligini aytmoqda.
Barchasi nimadan boshlangandi?
Tramp 2018 yil may oyida AQSh 2015 yilgi yadroviy kelishuvdan (Obama prezidentligi davrida tuzilgan kelishuvda AQSh va Erondan tashqari Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy qatnashgandi) bir tomonlama chiqishini e'lon qilgandi. Vashington bunga izoh sifatida Tehron kelishuv majburiyatlarini buzganini keltirgan, Tramp esa kelishuv shartlari Eronning yadroviy ambitsiyalarni cheklay olmasligini qayd etib o‘tgandi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Eron uranni boyitish dasturini cheklashi va o‘z hududiga xalqaro ekspertlarni kiritishi zarur edi. Bu shartlar bajarilmagani uchun AQSh Tehronga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi va munosabatlar yana sovuqlashdi. Ushbu sanksiyalar noyabr oyidan kuchga kirgan. Sanksiyalar neft eksportini taqiqlashdan tashqari, sanoat, savdo-sotiq va Eron Markaziy bankining dollarda amalga oshiradigan operatsiyalariga nisbatan ham joriy etilgan.
Aprel oyida bu cheklovlar Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya kabi ishlab chiqarishi Eron neftiga bog‘liq bo‘lgan davlatlarga ham joriy qilindi - endi Eron bu davlatlarga ham neft sota olmaydi.
Hasan Ruhoniy AQSh tomonidan qilinayotgan bosimni «bemisl» deb atadi.
Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti Eron islom inqilobi soqchilarini, ya'ni mamlakatning eng qudratli qo‘shinlarini terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi.
Oq uy Eronni Islom inqilobi soqchilari korpusidan xalqaro terrorchilik kampaniyasi o‘tkazishda foydalanishda aybladi va bu korpusni yadroviy qurol va ballistik raketalar ishlab chiqarish, Eronning boshqa mamlakatlar, masalan Suriyaning ichki ishlariga harbiy aralashuvga mas'ul deb topdi.
Bunga javoban Eronning milliy xavfsizlik oliy kengashi AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligini (CENTCOM) terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritdi, AQShni esa terrorchilikka homiy davlat deb tan oldi.
Vashington Tehronga bosim o‘tkazish orqali Eron bilan yangi ikki tomonlama kelishuv tuzishga intilmoqda. Unga ko‘ra, Tehron nafaqat yadroviy faoliyatidan voz kechadi, balki raketa dasturlarini va xorijdagi harbiy amaliyotlarini ham to‘xtatadi.
Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazini okeanlar bilan bog‘lovchi Hurmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yish bilan tahdid qilmoqda - butun dunyodagi neft xomashyosining naq 20 foizi aynan mana shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.
Rasmiy Tehron shuningdek, 2015 yilgi kelishuvning barcha majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishini e'lon qildi va 60 kun ichida uranni boyitish ishlarini boshlash bilan tahdid qildi.
Bundan tashqari, ayrim xabarlarga ko‘ra, Eron o‘zining Fors ko‘rfazidagi kemalariga jangovar kallaklar joylashtirgan. Ekspertlar fikricha, aynan shu kemalar orqali AQShning Fors ko‘rfazida, BAA hududiy suvlarida turgan 4ta tankeriga hujum qilingan.
Eron hukumati bu ayblovni tan olmayapti.
19 may kuni Bag‘doddagi yashil hududga - hukumat binolari va xorij davlatlari elchixonalari joylashgan hududga raketa uchirildi, raketa AQSh elchixonasi yonidagi bo‘sh hududga tushdi.
Bu hujum oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Bu hujum uchun javobgarlikni hech kim zimmasiga olmadi, ammo AQSh Davlat departamenti bu hujum uchun aybni Eronga yukladi. Amerikalik diplomatlarga Erondan chiqib ketish buyurildi.
Mavzuga oid
15:45 / 25.11.2024
O‘zbekiston va Eron innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini muhokama qilyapti
09:02 / 25.11.2024
Eron o‘z yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi
19:58 / 24.11.2024
Eron uranni boyituvchi ilg‘or sentrifugalardan foydalanishni boshlaganini e’lon qildi
19:45 / 22.11.2024