Sport | 15:24 / 24.05.2019
12584
2 daqiqa o‘qiladi

APL pullarni taqsimladi: 20-o‘rindagi jamoa 120 million dollardan ko‘proq ishladi

Foto: Getty Images

Angliya Premer-Ligasi klublari mavsum davomida qancha daromad olgani ma'lum bo‘ldi. APL pullarni ikkita ko‘rsatkich bo‘yicha taqsimladi. Birinchidan, jamoalarning turnir jadvalidagi o‘rni inobatga olindi. Ikkinchi va asosiy omil sifatida qaysi jamoaning o‘yini ko‘proq jonli efirda ko‘rsatilgani tanlandi.

Chempionatni ikkinchi o‘rinda yakunlagan «Liverpul» mavsum yakunida APLdan eng ko‘p (152,4 million funt) pul oladigan bo‘ldi. «Liverpul» ishtirokidagi o‘yinlar umummilliy telekanallarda ko‘proq namoyish etilgani uchun klub birinchi o‘rindagi «Manchester Siti»dan ko‘proq pul ishlaydigan bo‘ldi.

«Liverpul» o‘tgan mavsum ham o‘yini eng ko‘p namoyish etilgan klubga aylangandi. Premer-Liganing qolgan jamoalari qilgan daromad ham chakki emas. «Manchester Siti» 151 million funt, «Chelsi» 146 million funt, «Tottenhem» 145,2 million funt ishlagan. Bu daromadlarga faqat APL mukofot pullari va translatsiyadan olingan pullar kiritilgan. Klublarning reklama shartnomalari bunga kirmaydi.

Yuqoridagi ikki kriteriyadan tashqari barcha to‘lovlar standart amalga oshirilgan, ya'ni hamma uchun bir xil. Britaniya televideniyesi hammaga bir xil 34,4 million funtdan, xorijiy telekanallar 43,2 million funtdan, liganing o‘zi esa 5 million funtdan bergan.

APLning quyi pog‘onalaridagi jamoalar ham yomon pul ishlashmadi. Masalan musobaqani tark etgan va 20-o‘rinda qolgan «Haddersfild» 96,6 million funt, ya'ni 120 million dollardan ko‘proq ishladi. APLni tark etgan boshqa jamoalar «Fulhem» va «Kardiff» esa mos ravishda 101,9 million va 102,7 million funt bilan quyi ligaga yo‘l olishdi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid