O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi siyosat qay ahvolda?
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurash tarmog‘i kotibiyati korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasi doirasida O‘zbekistonda olib borilgan to‘rtinchi monitoring yakunlarini e'lon qildi.
23 may kuni hukumat va Oliy Majlis vakillari hamda IHTT mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjumanda mazkur monitoring xulosalariga ko‘ra mamlakatdagi antikorrupsion tizim kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda:
antikorrupsion siyosat qisqa muddatli harakatlarga asoslangan, strategik harakatlar mavjud emas;
antikorrupsion faoliyatga daxldor bo‘lgan idoralarning joylardagi faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan;
qonun hujjatlarida amaldagi holatni o‘rganuvchi tadqiqot ishlari va ularning xulosalari bilan bog‘liqlik yo‘q;
korrupsiya haqida aholi fikrini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti, lekin bu tadqiqotlarning xulosalaridan antikorrupsion faoliyatni yo‘lga qo‘yishda qanchalik foydalanilayotgani ma'lum emas;
antikorrupsion komissiyaga jamoat vakillarini jalb etishning aniq tartibi mavjud emas;
korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha metodologik tavsiyalar mavjud emas, bu borada har bir davlat idorasi o‘zicha alohida yondashmoqda;
korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining kadr va moliyaviy resurslari talab darajasida emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda IHTT tomonidan 47ta tavsiya ishlab chiqilgan. Xususan:
milliy antikorrupsion tizimdagi kadrlarning ixtisoslashuvi, malakasi oshirilishini ta'minlash;
korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining ixtisoslashgan doimiy kotibiyatini tuzish;
tizimga daxldor idoralarni malakali kadrlar va doimiy moliyaviy resurslar bilan ta'minlash;
antikorrupsion siyosatning amalga oshirilishidagi nodavlat tashkilotlarning ham rolini oshirish;
korrupsiyaga qarshi harakatlarning natijadorligini baholab borish;
olib borilayotgan konkret ishlar haqida aholining xabardorligini muntazam ravishda ta'minlash;
mamlakatdagi korrupsiya holatini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar xulosalaridan amalda foydalanish;
strategik xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yangi hujjat qabul qilish;
mavjud qonun hujjatlarini vaziyatning o‘zgarishi, yangi mexanizmlarning joriy etilishidan kelib chiqqan holda yangilab borish;
antikorrupsion siyosatni milliy, idoralar va mahalliy darajada yo‘lga qo‘yish.
Anjumanda ishtirok etgan Bosh prokuratura vakilining ma'lum qilishicha, har bir davlat idorasi o‘z faoliyatidagi korrupsiya risklarini baholashi va ularga qarshi o‘zining ichki antikorrupsion tizimini ishlab chiqishi yo‘lga qo‘yiladi.
IHTT vakili Tatyana Xavanskaning ma'lumot berishicha, oldingi raund monitoring natijalariga asosan antikorrupsion tizimni yaratish bo‘yicha berilgan 23ta tavsiyaning 10tasi qisman, 8tasi katta hajmda (lekin to‘liq emas), 3tasi to‘liq amalga oshirilgan. 2tasi esa yangi monitoring fokusi boshqa yo‘nalishga qaratilgani bois ko‘rib chiqilmagan.
Shuningdek, IHTT vakili O‘zbekistonda amaldagi Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslari xalqaro talablarga nomuvofiq ekanligini, ularni qayta ishlab chiqish zarurati mavjudligini ta'kidladi.
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
12:59 / 19.08.2024