O‘zMUda yangi fakultetlar ochilishi mumkin. Prezident akademiklar va yosh tadqiqotchilar bilan uchrashdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularni moddiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari haqida so‘z bordi.
«Davlat rahbari import o‘rnini bosadigan va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni ko‘paytirish, sohadagi har bir tashkilot tizimida ilmiy mahsulotlarni bozorbop qiladigan marketing tizimini tashkil qilish zarurligini ta'kidladi. Ilmiy muassasalarni kelgusi yildan to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetidan moliyalashtirishga o‘tkazish taklifi olimlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Izlanuvchan olimlarni rag‘batlantirish maqsadida ilmiy ishlanma yaratgan tadqiqotchiga doktorlik va uni amaliyotga tatbiq etgan izlanuvchiga tayanch doktorlik ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoya tizimini joriy etish, budjet mablag‘lari hisobidan stajyor-tadqiqotchilar institutini hamda yurtimiz biologik xilma-xilligini o‘rganadigan dala-tajriba stansiyalari tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Keyingi yillarda ilm-fan va ta'lim sohasi xodimlari izchil rag‘batlantirilib kelinmoqda. Ilmiy xodimlarning oylik maoshlari o‘tgan yil 1 sentyabrdan o‘rtacha 25 foizga, joriy yil 1 yanvardan 20 foizga oshirilgan edi, 1 iyuldan esa yana 25 foizga ko‘tariladi.
Prezidentimiz bu amaliy choralarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 1 sentyabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, ta'lim va ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan fan nomzodlarining oylik maoshlariga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilashni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida e'tibor qaratdi.
Xususan, Talabalar shaharchasi hududida professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar uchun 6 ta ko‘p qavatli uy va barcha sharoitlarga ega universal sport majmuasi qurish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, shaharchada Yoshlar bog‘i, yozgi tomoshalar maydonchasi, «kitob-kafe»lar, Wi-Fi zonalarini tashkil etish va obodonlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shu yerda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy-pedagogik faoliyati va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid rejalar taqdimoti o‘tkazildi. Besh yillik kompleks dastur ishlab chiqib, universitet faoliyatini rivojlantirish va xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashini ta'minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Universitet qoshidagi litseyni tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirish, yetuk mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj tobora kuchayib borayotganini inobatga olib, universitetda yangi fakultetlar tashkil etish zarurligi ta'kidlandi.
- Iste'dodli yoshlarni izlab topish va ularni maqsadli tarbiyalash borasidagi ishlarni kuchaytirish kerak. Ilmni, tarbiyani to‘g‘ri qilsak, hamma sohalarni malakali mutaxassislar o‘zlari rivojlantiradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tavsiya etamiz
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamoqqa olindi
Jamiyat | 09:52 / 10.04.2025
Xitoy o‘z fuqarolarini AQShga bormaslikka chaqirdi
Jahon | 22:59 / 09.04.2025
Savdo urushlari: Trampning maqsadi nima?
Jahon | 19:21 / 09.04.2025
Mavzuga oid

18:04 / 06.12.2022
Milliy universitetdan yo‘qolgan nodir qo‘lyozmalar ishi: kutubxona rahbari ozod qilindi

08:11 / 16.10.2021
Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi tashkil etiladi

13:37 / 14.01.2021
Manba: Inom Majidov Milliy universitetga rektor bo‘lishi kutilmoqda

09:10 / 19.06.2019