O‘zbekiston | 18:20 / 27.05.2019
5358
4 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda mehmon uylarini samarali boshqarishga oid bilimlar oshirilmoqda

Samarqand shahrida mehmon uylarida sayyohlik xizmatlarini tashkil qilish va taqdim etish tizimini yanada samarali tashkil etishga yo‘naltirilgan bir haftalik o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Zamonaviy sayyohlar tobora ko‘proq sayohatlarning “CBT”-turizm (Community Based Tourism – hamjamiyatlarga asoslangan turizm) kabi muqobil variantlarini tanlashmoqda. Bu qishloq xo‘jaligi turizmining yangi yo‘nalishi bo‘lib, unda eng muhimi oddiy xalqning turmush sharoitlariga maksimal darajada yaqin muhitda yashashdir. 

“CBT”-turizmni rivojlantirayotgan hududlar aholisi sayyohlarni jalb qilish uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Turizmning har qanday turi kabi qishloq xo‘jaligi turizmi turistik xizmatlar va turistik mahsulotlarni taqdim qilishga oid maxsus bilim va ko‘nikmalarni talab qiladi. Yevropa Ittifoqining biznes-uyushmalar orqali qishloq xo‘jaligi va ekoturizmni rivojlantirishni kuchaytirishga doir loyihasi ushbu vazifaning to‘liq qamrovda amalga oshirilishiga turtki beradi. O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi loyiha Xususiy sayyohlik uyushmalari tashkiloti tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 

Mazkur loyiha amalga oshirilishi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashi ostida Samarqand shahrida bir haftalik o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar yangi biznes turini o‘zlashtirishga qiziqish bildirgan, endigina ish boshlayotgan tadbirkorlarni o‘zida jamladi. Ularni mehmon uylarida turistik xizmatlarni tashkil qilish va taqdim etish imkoni jalb qilmoqda. 

XSTU tomonidan tashkil qilingan o‘quv seminari dasturi ishtirokchilarning mehmon uylarini muvaffaqiyatli boshqarishga oid bilim darajalarini oshirishga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, tadbirning vazifalaridan biri netvorkingni yo‘lga qo‘yishdir. O‘quv jarayoni doirasida ishtirokchilar nafaqat kerakli bilimlarga ega bo‘lishadi, balki biznes hamjamiyatini ham shakllantirishadi. Netvorking biznes aloqalarni shakllantirish, jumladan, muammolarni hal qilish va foydali bilimga ega bo‘lish uchun yangi tanishuvlar va aloqa o‘rnatish jarayonini ham ko‘zda tutadi. Mehmon uylari segmentida esa yaxshi yo‘lga qo‘yilgan samarali netvorking juda muhim va foydali. 

O‘quv dasturidan turizmga kirish, mehmon uylarini yaratish va ularni boshqarish, sayyohlarni qabul qilish etiketi va ularga xizmat ko‘rsatishga doir ma'lumotlar o‘rin olgan. Masalan, ishtirokchilarga favqulodda holatlarda shifokor kelguniga qadar ko‘rsatiladigan birinchi shoshilinch yordamni ko‘rsatish hamda e-mehmonxona tizimi imkoniyatlari va funksiyalari haqida ma'lumotlar berildi. 

Barcha mashg‘ulotlar interaktiv shaklda o‘tmoqda. Tajribali murabbiylar ishtirokchilarni hamkorlik mexanizmlarini qo‘llab, muvaffaqiyatli biznes qura oluvchi bir ahil jamoaga to‘plashdi. Seminar so‘ngida XSTU vakillari tomonidan sertifikatlar topshirildi. 

Mavzuga oid