Jamiyat | 19:28 / 27.05.2019
9270
6 daqiqa o‘qiladi

Munozara uchun mavzu: Bozorlarda kitob do‘konlari bo‘lishi majburiy qilinishi kerakmi?

Rishton bozorida savdo qiluvchi, bozor ichida «Roshidoniy xalq kutubxonasi» ochgani bilan mashhur bo‘lgan Dima Qayum bozor va uning ichidagi kutubxona buzilayotgani tufayli yordam so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonovga murojaat qilgan.

Dima Qayum avval ham Rishton tuman hokimligi bozorda tiklangan kutubxonasini buzayotganidan shikoyat qilgan, hattoki Prezidentdan yordam so‘ragan edi. Shundan so‘ng ko‘plab mutasaddilarning aralashuvi bilan kutubxona buzilmay qolgan edi.

Komil Allamjonov feysbukdagi sahifasida ushbu murojaatga javob e'lon qildi:

«Menga «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘i orqali Dilshod Boltaboyev (Dima Qayum) taxallusi bilan tanilgan rishtonlik tadbirkor va bloger Dilshod Boltaboyevdan siz suratda ko‘rib turgan murojaat kelib tushdi.

Dima Qayum, eng avvalo, sizga kitob mutolaasi va uning targ‘iboti yo‘lida qilayotgan sa'y-harakatlaringiz, Prezidentimiz siyosatini targ‘ib etib, bizga bu borada ko‘makchi bo‘layotganingiz uchun rahmat. Hech shubhasiz, kitobxonlik va mutolaa bugungi kunning eng muhim hamda dolzarb masalalardan biridir.

Murojaatingizda aytilgan masala atroflicha o‘rganildi va uni hal etish choralari ko‘rilyapti. Sizga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib aytganimdek, bugungi kunda tumanda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlangan. Biz viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich bilan kelishgan holda, sizning kutubxonangiz o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun kerakli choralarni ko‘ryapmiz. Kutubxona uchun tumandagi eng yaxshi joyni tanlasangiz, o‘sha yerda birgalikda kutubxona quramiz.

Shuni alohida ta'kidlamoqchiman — Agentlik kitobxonlikni targ‘ib qilishga bel bog‘lagan har bir kishini himoya qilishga, qo‘llab-quvvatlashga va yordam berishga tayyor. Siz va siz kabi kitobxonlikka befarq bo‘lmagan, bu borada o‘zining beg‘araz xizmatini ayamayotgan insonlar bilan hamisha birgamiz», — deyilgan murojaatda.

Albatta, kitob mutolaasi yo‘lida bir qator xayrli ishlarni yo‘lga qo‘ygan, prezidentga «Bibliobus»ni namoyish etgan Komil Allamjonovning ushbu murojaatga tezkor javobi tahsinga loyiq.

Biroq, Dima Qayumga kutubxona uchun tumandagi eng yaxshi joy kerakmikan? Chunki u tirikchiligini bozordagi savdo ortidan qiladi. Kutubxona esa unga shuhrat keltirgan bo‘lishi mumkin, ammo hech qachon daromad keltirmagan. U ezgu tashabbus ortidan, ko‘pchilikning sa'y-harakati bilan barpo etilib, aholiga tekinga xizmat ko‘rsatib kelgan. Uning kitob fondi ham shu yo‘l bilan yig‘ilgan.

Ushbu vaziyatni mushohada qila turib, menda bir taklif paydo bo‘ldi. O‘ylaymanki, taklifim o‘rinli va u mutasaddilarga ham manzur bo‘ladi.

Yurtimizdagi tuman markazlari va boshqa aholi punktlaridagi katta-kichik bozorlar hamda savdo komplekslarining kirish joyida yagona loyiha bo‘yicha kitob do‘konlari barpo etish fursati kelmadimikan?

Aytaylik, har bir bozorga yoki savdo kompleksiga ko‘cha yuzasidan yoki kirish eshigi yoki darvozasi oldidan ma'lum bir maydonni aynan kitob savdosi (kanstovar emas!) uchun beminnat ajratish majburiyati yuklansa.

Do‘kon bozor darvozasi oldida, ko‘chaga yaqinroq bo‘lishi shart. Chunki bozorga kirgan kishi borki, pul ko‘tarib xarid uchun keladi. Kitob do‘konining aynan shu yerda bo‘lishi ham xaridorlarga katta qulaylik yaratadi. Chunki aksariyat xaridorlar bozordan uzoqroq joyda joylashgan kitob do‘koniga ataylab kitob xarid qilish uchun bormaydi. Bozorga esa kunda, kun osha yo‘li tushadi. Bahonada mushtariylar kitob olamidagi yangiliklar bilan ham tanishib olardi.

Albatta, bibliobus ham zamonaviy, ham qamrov jihatidan samaraliroq usul. Lekin uni hamma joyga birdek targ‘ib etib bo‘lmaydi. Buning uchun juda katta mablag‘ talab etiladi. Men berayotgan taklifda «sopini o‘zidan chiqarish» mumkin.

Ya'ni, bozorlarda kitob do‘koni uchun ajratiladigan maydon kamida 20 kv.m bo‘lishi, u kitob do‘konini yurituvchiga tekinga ijaraga berilishi, ijarador faqatgina foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.

Bu taklif hukumatning bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir normativ hujjatlarida ham o‘z aksini topsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Keyingi paytlarda aholini kitobxon qilish uchun katta targ‘ibot ishlari qilinmoqda. Rahbarlarning o‘zi o‘qigan maktab kitob fondini kimo‘zarga boyitish uchun qilayotgan in'omlari ham shular sirasiga kiradi. Bu choralarning barchasi birdek yaxshi.

Fikri ojizimcha, shu yo‘l ham «odamlar kitob mutolaasidan yiroqlashib ketishdi», degan gaplarga chek qo‘yish, kitob-jurnallarni odamlarga yaqinlashtirish va xalqimizning o‘qishga bo‘lgan mehrini yana uyg‘otishi va yuksaltirishiga xizmat qiladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV.

Mavzuga oid