O‘zbekiston | 10:32 / 31.05.2019
71746
2 daqiqa o‘qiladi

Chegarada ko‘ngilsiz hodisa: Qirg‘iziston chegarachilari O‘zbekiston fuqarosini yaralashdi

Foto: knews.kg

Bugun, 31 may kuni, Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Aravon tumani Toguz-Buloq aholi punktida qurolli hodisa sodir bo‘ldi. Bu haqda Knews mamlakat Chegara xizmatiga asosan xabar tarqatdi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, chegara naryadi chegara yaqinida O‘zbekistonning ikkita avtomashinasini aniqlagan.

Haydovchilar chegarachilarning to‘xtash haqidagi talabini e'tiborsiz qoldirishgani iddao etilmoqda. Chegara naryadi havoga qarata ogohlantirish o‘qi uzgan. Biroq, mashinalar to‘xtamagan va Qirg‘iziston naryadi qurol qo‘llagan. Avtomobil g‘ildiraklariga qarata o‘t ochilgan, natijada O‘zbekiston fuqarosi yaralangan. U O‘zbekistonning Marhamat tumani kasalxonasiga olib ketildi.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi va O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari - DXX chegara qo‘shinlari qo‘mondoni bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan. Unda idoralar rahbarlari chegarachilar vakillarini hodisa yuz bergan joyga qo‘shma surishtiruv ishlarini amalga oshirish maqsadida yuborish haqidagi qarorga kelishgan.

Tafsilotlarni aniqlashtirish maqsadida Qirg‘izistonning O‘sh viloyati bo‘yicha chegara vakilining O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlarining Buloqboshi yo‘nalishi bo‘yicha chegara vakili bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid