Sport | 09:50 / 31.05.2019
6122
2 daqiqa o‘qiladi

«Inter» Konteni yangi murabbiy sifatida e'lon qildi

Milanning «Inter» klubi o‘z rasmiy saytida Antonio Konteni jamoaning yangi bosh murabbiyi sifatida e'lon qildi.

Italiyalik mutaxassis bu lavozimdan biroz oldinroq iste'foga chiqarilgan Luchano Spalletti o‘rnini egallaydi.

Hozircha yangi murabbiy bilan shartnoma tafsilotlari ma'lum qilinmadi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Konte bilan 3 yillik shartnoma tuzilgan, bu shartnomaga ko‘ra «Inter» yiliga 12 million yevro miqdorida maosh to‘laydi (soliqlardan tashqari).

Shanba kuni Konte klub rahbariyati safida Madridga, «Liverpul» va «Tottenhem» o‘rtasidagi YeChL finalini tomosha qilish uchun yo‘l olishi kutilmoqda. Yaqin haftalarda esa u Xitoyda bo‘lib, klub xo‘jayini Chjan Tszindun bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Bundan oldinroq Konte yangi jamoasida ikki futbolchini, ayni vaqtda «MYu» safida bo‘lgan belgiyalik hujumchi Romelu Lukakuni hamda «Chelsi» futbolchisi, o‘tgan mavsumda «Fenerbahche»da ijara asosida o‘ynagan nigeriyalik vinger Viktor Mozesni ko‘rmoqchi bo‘layotgani haqida xabarlar berilgandi.

Konte 2017/18 yilgi mavsum yakunida Londonning «Chelsi» klubini tark etganidan buyon ishsiz edi. U londonliklar bilan Angliya chempioni va Angliya Kubogi sohibi bo‘lgan. Konte o‘z vaqtida Italiyaning boshqa jamoasi «Yuventus»ni boshqargan va ketma-ket uch mavsumda Italiya chempioni bo‘lgandi.

Mavzuga oid