O‘zbekiston | 09:55 / 31.05.2019
18649
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish haqida kelishib oldi

Foto: RIA Novosti / Aleksandr Astafev

Moskva va Toshkent ta'lim to‘g‘risidagi diplomlar, malaka va ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida kelishib oldi, deya xabar bermoqda RIA Novosti. 

Tegishli bitim qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishi doirasida Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedev hamda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan imzolandi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston ko‘rgazma markazining ochilishi to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. U Rossiya Federatsiyasi poytaxtidagi Butunrossiya ko‘rgazma markazi hududida joylashadi.

Iqtisodiy idoralar rahbarlari Maksim Oreshkin va Botir Xo‘jayev mehnat samaradorligini oshirish sohasida tajriba almashish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Rossiya va O‘zbekiston hukumati qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha aloqalarni mustahkamlash hamda boshqa bir qator sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni amalga oshirish harakatlar rejasini ham tasdiqladi.

Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorlik bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasini imzoladilar. U ikki yilga mo‘ljallangan. Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ham hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldi.

Mavzuga oid