O‘zbekiston | 14:00 / 01.06.2019
39129
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillari chegaradagi ko‘ngilsiz hodisadan so‘ng muzokara o‘tkazdi

Foto: TASS

Kecha, 31 may kuni Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi, polkovnik Ularbek Sharsheyev va O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari - DXX chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Ruslan Mirzayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Knews xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar 30 maydan 31 mayga o‘tar tundagi noxush hodisa yuz bergan hududga chiqishgan.

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston - O‘zbekiston chegarasida kuzatilayotgan vaziyat muhokama qilindi. Chegaraoldi vakolat apparatlari rahbarlari ishtirokida hodisa joyi ko‘zdan kechirildi, birgalikda surishtiruv o‘tkazish haqida kelishib olindi. 

Bildirilishicha, surishtiruv ishlari natijalariga ko‘ra aybdor shaxslar qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Bundan oldin, Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Aravon tumani Toguz-Buloq aholi punktida qurolli hodisa sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

Chegara naryadi chegara yaqinida O‘zbekistonning ikkita avtomashinasini aniqlagan. Haydovchilar chegarachilarning to‘xtash haqidagi talabini e'tiborsiz qoldirishgani iddao etildi. Chegara naryadi havoga qarata ogohlantirish o‘qi uzgan. Biroq, mashinalar to‘xtamagan va Qirg‘iziston naryadi qurol qo‘llagan. Avtomobil g‘ildiraklariga qarata o‘t ochilgan, natijada O‘zbekiston fuqarosi yaralangan. U O‘zbekistonning Marhamat tumani kasalxonasiga olib ketilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid