O‘zbekiston | 18:11 / 04.06.2019
119618
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi ishdan ketdi

Foto: KUN.UZ

G‘ulomjon Inomovich Ibragimov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bu haqdagi tegishli farmonni imzolagan.

Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Rustam Qurbonnazarovich Xolmatov zimmasiga Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarish yuklatildi. 

Rustam Qurbonnazarovich Xolmatov

Davlat rahbari kecha, 3 iyun kuni Nurafshon shahrida Toshkent viloyati faollari, hokimlar va sektorlar rahbarlari, respublika idoralari mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat iqtisodiyoti, tumanlardagi ahvolni tanqid qildi.

«O‘zim yurib, respublikadan rahbarlar yuborib, eng dolzarb masalalarni hal qilyapmiz. Hamma joyda o‘zgarish bo‘lyapti. Toshkent viloyati nega uyg‘onmayapti? Vaqt shiddat bilan o‘tyapti. Har bir kun, har bir daqiqa g‘animat. Prezident siyosat yuritadi, imkon yaratadi. Mutasaddilar qattiq talab qilib, quyi tizimdagi rahbarlar jon kuydirib ishlab, natijani ta'minlashi kerak. Odamlar quruq gapga chidamaydi. Toshkent viloyatida quruq gap. Qani raqobat, qani ilm, qani natija, qani tashabbus», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, G‘ulomjon Ibragimov viloyat rahbari lavozimida 2017 yilning oktyabrida paxta hosilini qo‘shib yozgani uchun ishdan olingan Shukrullo Boboyev o‘rnida ish boshlagandi. U 2018 yilning yanvarida Toshkent viloyati hokimi lavozimiga rasman tayinlangan.

Ibragimov 1958 yil Toshkent viloyatining Piskent tumanida tavallud topgan. 1980 yilda Toshkent politexnika institutini, 2003 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Oliy ishbilarmonlik maktabini tamomlagan.

O‘z navbatida, Rustam Xolmatov 1961 yilda Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, 1987 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan. 

U 1998-2000 yy. - Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi, 2000-2003 yy. - Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari - viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, 2003-2008 yy. - Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimi, 2008-2013 yy. - Toshkent viloyati hokimi bo‘lgan.

2016-2017 yy. - Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi, 2017-2018 yy. - Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2018 yildan Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Mavzuga oid