O‘zbekiston | 18:12 / 04.06.2019
13351
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 515 million dollarlik zamonaviy tog‘ kurort dam olish maskanlari ishga tushadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi davomida viloyatning turizm, energetika, kimyo, metallurgiya sohalaridagi yirik iqtisodiy loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ularga muvofiq, Toshkent viloyati O‘zbekistonning turistik markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Viloyatda Fransiya investorlari bilan hamkorlikda 515 million dollarlik zamonaviy tog‘ kurorti dam olish maskanlari ishga tushiriladi, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

“Chorvoq” erkin turistik zonasida xalqaro umummavsumiy va sog‘lomlashtirish majmuasi bunyod etiladi. Prezident bu loyihalarni davlat-xususiy sektor sherikchiligi asosida kechiktirmay amalga oshirilishi kerakligini, bu esa iqtisodiyot yuksalishi va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilishini ta'kidladi.

“Yurtboshimizga Toshkent viloyatida tog‘-chang‘i kurortini yaratish bo‘yicha loyiha taklif etildi. Loyiha rejasi Fransiya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 40 kilometrdan ortiq turistik zona, 100 dan ziyod xizmat turi va 5 mingdan ko‘proq mehmonxonalardagi yotoqlar, 3 mingdan ortiq ish joyi joriy etiladi. Tog‘li kurortlarimiz – Beldirsoy, Chimyon, Yusufxona va Nanayda bunyod etiladi”, - deydi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.  

Shu bilan birga, u hozirgi kunda “Amirsoy”da 100 million dollardan ortiqqa baholangan loyiha amalga oshirilayotgani va u joriy yilning oktabr oyida ishga tushirilishini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha dunyodagi 15 ta eng yaxshi tog‘li kurortlar sirasiga kiradi. Uning atrofida mehmonxonalar, savdo zonalari va turli xizmatlar tashkil etiladi hamda yangi yo‘l quriladi. Hudud avtomobillar kiritilmaydigan ekozonaga aylantiriladi.

Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov Toshkent viloyatida turistik “Oltin xalqa”ni yaratishga doir konsepsiya tayyorlanganini qayd etdi. “Oltin xalqa” Zangiota, Bo‘stonliq, Parkent, Angren, Ohangaron, Bo‘ka va Chinoz hududlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Ta'kidlanishicha, bularning natijasida mehmonxonalar soni 4 baravar, mehmon uylari soni 3,5 baravardan ko‘proqqa ortadi. Sayyohlar soni ham 2 baravarga oshishi kutilmoqda.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid