O‘zbekiston | 12:23 / 04.06.2019
16169
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir: O‘zbekistonda 13,5 mln fuqarodan atigi 40 foizi rasman ishlamoqda

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiyev ishtirokida “O‘zbekistonda mehnat sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va natijalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda O‘zbekiston mehnat bozorini isloh etish bo‘yicha so‘nggi ikki yil ichida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berilmoqda.

Sherzod Qudbiyevning aytishicha, O‘zbekistonda bandlikning tarkibiy holati yaxshi emas. 13,5 mln mehnat qilayotgan fuqarodan atigi 40 foizi rasman ishlaydi, qolganlar esa norasmiy shaklda o‘z faoliyatini yuritadi.

“Bu mehnat qonunchiligidagi haq-huquqlaridan foydalanish imkoni bermayapti. Bizga, qanchalik achchiq bo‘lmasin, shunday meros qoldi. 25 yilda shunday ahvolga tushib qoldikki, hatto zamonaviy kombayn yoki traktorlarni boshqara oladiganlarni topish qiyin bo‘lyapti. 

Yana bir narsa, o‘tgan yillarda ishsizlarga ishsizlik nafaqasi qonunda belgilanganiga qaramay berilmagan. Bugungi kunda ishsizlik nafaqasini 16 ming odam olyapti. Ishsizlik nafaqasi oluvchilar o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga ko‘paydi”, - dedi vazir.

Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida mehnat sohasidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari xususida fikr yuritilyapti. Shuningdek, mavzu doirasida OAV vakillari bilan savol-javoblar o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid