O‘zbekiston | 15:00 / 10.06.2019
4649
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda atom energiyasi sohasida Rossiyaning federal norma va qoidalari joriy etiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida atom energiyasidan foydalanish sohasida Rossiya Federatsiyasining normativ-huquqiy aktlari va boshqa normativ hujjatlarini qabul qilish va joriy etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Hujjat loyihasiga muvofiq, Rossiya Federatsiyasining normativ huquqiy aktlari quyidagi holatlarda qo‘llaniladi:

- atom energiyasidan foydalanish obektlarini joylashtirish, o‘rganish, loyihalash, ekspertiza qilish, konstruksiyalash, ishlab chiqarish, qurilish, ekspluatatsiyaga kiritish, ekspluatatsiya qilish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiya qilish, joriy ta'mirlash, espluatatsiyadan chiqarish uchun xorijiy va mahalliy tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar tomonidan ishlarni bajarish va xizmat ko‘rsatish;

- atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash;

- atom energiyasidan foydalanish obektlarida xavfsizlik ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish;

- yadroviy materiallarni tashish, muomala qilish, saqlash, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish;

- atom energiyasidan foydalanish obektlari xavfsizligini davlat boshqaruvi.

Hujjat loyihasida aytilishicha, atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha qabul qilinadigan Rossiya Federatsiyasining federal norma va qoidalari O‘zbekiston adliya vazirligida ro‘yxatga olinadigan O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlariga tenglashtiriladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid