Jamiyat | 21:55 / 11.06.2019
22361
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodan murojaat: «Bizning kichik bo‘lmagan muammomizga kattalar e'tibor qaratisharmikan?»

Tahririyatimizga buxorolik mushtariylarimizning biridan murojaat kelib tushdi. Azbaroyi, ko‘pchilikning manfaatidan kelib chiqib, kundek ravshan ko‘rinib turgan mazkur murojaatni e'lon qilishga va mutasaddilarning e'tiborini muammoga qaratishga qaror qildik.

«Buxoro shahrining markazida, M.Iqbol ko‘chasi (viloyat shifoxonasi hududi) qazilgan zaxkash uzra o‘tgan ko‘prik ostida markaziy kanalizatsiya tarmog‘i yorilganiga bir yilcha bo‘lib qoldi.

Suv ko‘prikning ikki tomonidan yorib chiqmoqda va chiqindi ham gazlarning juda o‘tkir hidi taralib turibdi. Chunki bu ko‘prik yonidan magistral gaz quvuri ham o‘tgan bo‘lib, u yerdan ham gaz yaxshigina sizib chiqmoqda.

Ko‘prik ostidan suv sizib chiqayotgani sababli bir necha bor cho‘kkan. Yo‘lsozlar kelib, cho‘kkan joylarni to‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘lishadi, xolos. Muammoga aynan nima sabab bo‘layotganiga qiziqadigan odamning o‘zi yo‘q.

Kanalizatsiyaning eskirgan quvurlarini ta'mirlash yoki almashtirish aftidan juda qimmatga tushsa kerak. Boz ustiga, bu yer o‘ralmagan. Buning yonida doim yosh bolalar o‘ynashadi.

Iltimos, bizga yordam qilinglar», — deyiladi murojaatda.

Biz ushbu chiqish bilan buxorolik soha mutasaddilarini muammoga e'tibor qaratishga chorlab qolamiz. Ular muammo bartaraf etilgani haqida bizga javob yo‘llashsa — uni bajonidil e'lon qilamiz.

Mavzuga oid