Qirg‘izistonda jurnalistga qo‘pollik qilgan gubernator ishdan olindi
Jurnalistga qo‘pollik qilib, keyin bu ishi uchun uzr so‘rashdan bosh tortgani uchun Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari, hukumatning Chuy viloyatidagi vakili Abdraimov Tuygunaali Duyshenaliyevich ishdan ketdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg‘aziyev o‘z o‘rinbosarini lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmoyishini imzolagan.
Tuygunaali Abdraimov 5 iyun kuni jurnalistlarning Sokuluk tumanidagi mahalliy aholi o‘rtasida mojaro yuz bergan Orok qishlog‘idagi hodisalar haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgandi. U buni o‘ziga jurnalistlardan birining yuzi yoqmagani bilan izohlagandi.
«Menga sizning yuzingiz yoqmayapti. Basharangiz yoqimsiz», - degandi u.
Bu hodisa jamoatchilik orasida katta rezonans keltirib chiqardi. Ko‘pchilik uning iste'fosini talab qilib chiqdi.
Abdraimov bu xatti-harakatlari uchun uzr so‘ramagani «xalqning g‘azabini yanada qaynatdi». U etikaga qarshi harakatlari ortidan jurnalistlardan yashirinishga harakat qildi.
Bu vaziyatga mamlakat bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg‘aziyev ham aralashishga majbur bo‘ldi.
«Muhammadqaliy Abilg‘aziyev bu darajadagi amaldor va jurnalist o‘rtasida ro‘y bergan voqeadan afsusda. Bunday hodisa hukumatning barcha ijro organlarini soyaga tashlaydi», deyildi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabarida.
Hukumat rahbari barcha davlat amaldorlaridan shaffof va ochiq ishlashni talab qildi. Bu ayniqsa jurnalistik soha vakillari bilan munosabatlarga tegishli ekani ta'kidlandi.
Bosh vazir gubernatorning xatti-harakatlariga munosib baho berilishini aytgandi. Yakunda amaldorning harakatlarini oqlovchi sabab topilmagan va u ishdan olingan.
Mavzuga oid
13:40 / 24.11.2024
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
13:51 / 23.11.2024
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024