O‘zbekiston | 19:10 / 12.06.2019
22415
8 daqiqa o‘qiladi

Video: O‘zbekistondagi ilk atom reaktoriga press-sayohat

O‘zbekiston davlat rahbariyati mamlakat energiya mustaqilligini ta'minlash maqsadida respublikada atom elektrstansiyasini qurishga qaror qilib, dastlabki ishlarni amalga oshira boshlagach, ilmiy doiralar va keng jamoatchilik asosan ikki qutbga bo‘lindi. Birinchi guruh O‘zbekistonda AES kabi stansiyalar qurish mumkin emas, mintaqa joylashgan hudud geografik holati bunga imkon bermaydi, kabi turli vajlarni ilgari surib, Chernobil va Fukusima kabi AESlarda ro‘y bergan texnogen ofatlarni ham misol keltirishmoqda. Tarafdorlar lageri atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning samaralari va mamlakat iqtisodiyoti uchun qo‘shadigan hissasi beqiyos ekanini aytmoqda. Bu borada har bir tomonning o‘z fikri va dalil-isboti borki, qarshi tarafga yonbosishni xayoliga ham keltirmaydi.

Bu borada uchinchi tomon ham mavjud bo‘lib, ular ikkala tomon fikrlarini jo‘yali va e'tiborga molik deb biladi, ammo ularni konstruktiv hal etish mumkinligiga ishonadi. Ularning birgina xavotiri AES qurilishida nima uchun aynan Rossiya bilan hamkorlik qilish kerak, degan savoldir. Chunki, dunyoda qator rivojlangan mamlakatlar AES qurishni rejalagan mamlakatlarga o‘z atom reaktorlari va AES texnologiyalarini taklif etishi sir emas. Shu bilan birga, uchinchi tomon fikricha, bizda AES qurish uchun yetarli ilmiy va texnologik infratuzilma mavjud emas.  

Xo‘sh, kim haq? O‘zbekistonda atom energetikasidan qanchalik samarali foydalanish mumkin? Ilmiy salohiyat mavjudmi, singari qator savollar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Qolaversa, atomdan tinch maqsadlarda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida keng foydalanish mumkinligini ko‘pchilik xayoliga ham keltira olmasa kerak. 2019 yil 10 iyun kuni «O‘zatom» agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi hamkorligida OAV vakillari uchun O‘zbekiston FA Yadro fizikasi institutiga tashkil etilgan press-tur yuqoridagi savollarga qisqa bo‘lsa-da javob berish maqsadida uyushtirildi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

O‘zbekiston FA huzuridagi Yadro fizikasi instituti 1956 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda Markaziy Osiyoda o‘z xususiyatlari bo‘yicha yagona bo‘lgan SM suv-suvli reaktori (VVR-SM) ishlab turadi. Dastavval quvvati 2 MVt bo‘lgan reaktor 1959 yil sentyabrida ishga tushirilgan, keyinchalik modernizatsiya qilingan reaktor quvvati 10 MVtga yetkazilgan.

O‘zbekiston FA prezidenti, Yadro fizikasi instituti direktori Behzod Yo‘ldoshevning ma'lum qilishicha, mazkur institutning boshqa tadqiqot markazlaridan eng asosiy farqi bu yerda uzluksiz va tanaffussiz zanjir amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, yadro fizikasi, qattiq jism radiatsiyaviy fizikasi va materialshunoslik, faollashtirish tahlili va radiokimyo, ilmiy asbobsozlik, axborot texnologiyalari yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borilishi barobarida ularning natijasi xalq xo‘jaligining turli jabhalarida qo‘llanilib kelinmoqda.

«Institutimiz mahsulotlari butun dunyoda yaxshi ma'lum. Xususan, biz radiofaol izotoplar ishlab chiqarish bo‘yicha kuchli yigirmatalikka kiramiz. Asosan texnika va tibbiyot ehtiyojlari uchun mahsulotlar yetkazib beramiz. Respublikamizni yurak-qon-tomir, skelet va boshqa a'zolar kasalliklarini aniqlash uchun kerakli barcha izotoplar bilan ta'minlaymiz. Bundan tashqari, onkologik kasalliklarni davolash uchun radiofaol izotoplar ham ishlab chiqaramiz. Misol uchun I-125 izotopi tozaligi va sifati bo‘yicha dunyodagi eng yaxshisi bo‘lib turibdi», - dedi Behzod Yo‘ldoshev jurnalistlar bilan muloqotda.

Behzod Yo‘ldoshev

Shu bilan birga, uning ma'lum qilishicha, institutda o‘tkaziladigan tadqiqot natijalari turli sohalar, masalan, suvni tozalash tizimida, turli tibbiyot anjomlarini sterillashda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzoqroq muddat saqlash maqsadida qayta ishlash va boshqa sohalarda qo‘llaniladi. Ayniqsa, maxsus qayta ishlangan meva-sabzavotlar odatdagidan ko‘proq o‘z holatini saqlab qolishi, bu butun dunyoda keng qo‘llanilayotgani haqidagi fikr men uchun yangilik edi. Behzod Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, bunday qayta ishlangan meva-sabzavotlar eksportga yo‘naltirilsa, o‘sha davlatlar bojxona va karantin tashkilotlari talablariga to‘liq mos kelishi sababli ortga qaytarilmaydi.

Yana bir meni ajablantirgan yangiliklardan biri, institutda shaffof yarim qimmatbaho toshlarga gamma nurlari orqali qayta ishlov berish orqali tus berish amaliyoti bo‘ldi. Yadro fizikasi instituti direktori birinchi o‘rinbosari Ilhom Sodiqovning aytishicha, bu yerda topaz toshlariga maxsus ishlov berish orqali ularning rangi o‘zgartiriladi. Bugungi kungacha, topazlarni ko‘k tusga aylantirishning 4 xil amaliyoti muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda. Institut turli xorijiy firmalarning buyurtmasi asosida yiliga bir tonnaga yaqin toshni qayta ishlaydi.

«Endilikda, topazlarni pushti rangga kiritishni o‘zlashtirmoqdamiz. Chunki, jahon bozorida pushti topazlarga talab katta va narxi ham sezilarli qimmat. Misol uchun, ko‘k rangga kiritilgan topaz xom-ashyodan 10 barobar qimmatga sotilsa, pushti topazlar 100 barobar qimmatroq sotiladi. Ta'kidlash o‘rinliki, bizlar amalga oshirgan qayta ishlash sifati bilan ham ajralib turadi. Bizda ishlov berilgan topazlar tusi 200 yilgacha o‘zgarmasligiga kafolat beramiz», - deydi Ilhom Sodiqov.

Uning aytishicha, institut bir yilda 3 mln AQSh dollari miqdoridagi mahsulot va xizmatlarni eksport qilmoqda. Yarim qimmatbaho toshlarga rang berish orqali esa, 300-500 ming dollar daromad ko‘rilmoqda. 

Shundan so‘ng, OAV vakillari institut huzuridagi «Radiopreparat» davlat korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona tibbiyot, biotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar uchun radionuklidlar; onkologiya, kardiologiya va endokrin kasalliklar; infeksiya kasalliklari diagnostikasi uchun test-tizimi -  radiofarmatsiya preparatlari ishlab chiqaradi. Bu mahsulotlar turi 60dan ortiqdir.

«Radiopreparat» korxonasida ishlab chiqiladigan ayrim turdagi izotoplar va radionukleid moddalari tozaligi va sifati bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Bu korxona dunyoning AQSh, Germaniya, Xitoy, Ukraina kabi 10dan ortiq mamlakatiga sifatli radionukleid preparatlarni yetkazib beradi. U dunyoning shu kabi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yetakchi 20ta korxonasidan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, institut huzuridagi Suv-suvli tadqiqot reaktori, gamma-nurlash qurilmasi, U-150 va U-115 siklotronlari, neytron generatori kabilar atomdan tinch maqsadlarda foydalanish imkoniyatlarini namoyon etadi.

Umuman olganda, yadro fizikasi va radiatsion texnologiyalar mahsulotlarining qo‘llanish qamrovi juda keng. Bu yerda to‘plangan ilmiy tajribalar natijalaridan O‘zbekistonda barpo etilishi rejalashtirilgan birinchi AES loyihasini amalga oshirishda foydalaniladi.

Tolib Rahmatov – Kun.uz muxbiri
Mirvohid Mirrahimov – Kun.uz operatori

Mavzuga oid