Sport | 18:50 / 16.06.2019
12331
3 daqiqa o‘qiladi

Rasman: Mauritsio Sarri – «Yuventus» bosh murabbiyi

Foto: "Yuventus" FK

Italiyalik murabbiy Mauritsio Sarri «Chelsi»dan iste'foga chiqib, «Yuventus» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda ikkala klub rasman ma'lum qildi.

60 yoshli mutaxassisning Turin klubi bilan shartnomasi 2022 yil 30 iyunigacha mo‘ljallangan.

«Yevropa Ligasi finalidan keyin o‘tkazgan muzokaralarimizda Sarri o‘z vataniga qaytishni qanchalik qattiq xohlayotganini aniq bildirdi. U, shuningdek, oilasi davrasida, keksa ota-onasiga yaqin masofada yashashi ham muhimligini ta'kidladi», – deya ma'lum qildi «Chelsi» direktori Marina Granovskaya.

Granovskaya Sarri va uning shtabiga bir yillik mehnat va erishilgan yutuqlar uchun tashakkur bildirish barobarida unga A Seriyadagi faoliyatida omad tilagan.

Mauritsio Sarri «Chelsi»ni bir yil oldin – «Napoli»dagi uch yillik faoliyatidan keyin qabul qilib olgandi. Uning qo‘l ostida «ko‘klar» Yevropa ligasida g‘olib bo‘ldi; APLda 3-o‘rinni egallab, Liga kubogi finaliga chiqdi. Angliya kubogida esa jamoa nimchorak finaldan kurashni yakunladi.

Umuman, «aristokratlar» Mauritsioning qo‘l ostida jami 63ta o‘yinda maydonga tushib, 39ta g‘alaba, 13ta durang va 11ta mag‘lubiyat qayd etishdi. G‘alaba koeffitsiyenti – 61,9 foizga teng.

Tajribali mutaxassis «Yuventus»da oxirgi 5 mavsumda bosh murabbiy bo‘lib kelgan Massimiliano Allegrining o‘rnini egallaydi. U bunga qadar «Napoli»dan tashqari «Empoli», «Sorrento», «Alessandria», «Grosseto», «Peruji» kabi bir qator italyan klublarini boshqargan. O‘tgan mavsumdagi Yevropa ligasi chempionligi uning faoliyatidagi ilk sovrin bo‘lgan edi.

Mavzuga oid