Sport | 23:48 / 17.06.2019
17370
2 daqiqa o‘qiladi

Nikimbayev: «PFLning yangi rahbari Davron Shoqurbonov nohaq ayblangan va keyinchalik oqlangan» 

Alisher Nikimbayev

Mashhur futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev «Bunyodkor» sport direktori Davron Shoqurbonovning PFLga vaqtinchalik yangi rahbar qilib tayinlanganiga izoh berdi.

Avvalroq, Shoqurbonov va Ravshan Ermatovning otasi Sayfiddin Ermatovning kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlikda ayblanib, 2007 yilda futboldan chetlatilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Davron Shoqurbonov

«Shoqurbonovning tayinlanishi bilan bog‘liq ba'zi xabarlarga izoh berishni istayman.

1. Ha, bunday qaror qabul qilingan. Ammo tez orada bekor qilingan. Ro‘yxatdagi deyarli barcha insonlar yakunda oqlangan. Eng yorqin misol – Jahongir Saidov, u 2018 yili jahon chempionatida ham ishladi.

2. Federatsiyada ishlaydigan xodimlarning aytishicha, bu qaror mashhur shaxs tashabbusi bilan qabul qilingan. U «Quruvchi»ga qarshi o‘yinda «Paxtakor» darvozasiga penalti belgilagan Ravshan Ermatovni jazolamoqchi bo‘lgan. Ammo Ravshan Ermatov Kanadada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga chaqiruv olgani bois, jazodan qutulib qolgan. Biroq uning yaqin do‘stlari va otasi esa ro‘yxatga kiritilgan. Mirabror Usmonov tezda vaziyatga to‘g‘ri baho berib, bu qarorni bekor qilgan. Oqlanganlarning deyarli barchasi yana hakamlikka qaytgan, faqat Shoqurbonov «Bunyodkor» klubiga ishga o‘tib ketgan.

Demak bu maqolani yozgan jurnalist yolg‘on ma'lumot bermagan. Ammo haqiqatni ham to‘liq yoritmagan.

Shoqurbonov haqida gapiradigan bo‘lsam, unda nafaqat hakamlik tajribasi bor, balki «Bunyodkor» klubi, Toshkent shahar Futbol Federatsiyasi va Respublika oliy sport mahorati maktabida ham ishlagan. Menimcha u PFLni boshqarishga loyiq», - deb yozdi Nikimbayev.

Mavzuga oid