Jamiyat | 20:04 / 19.06.2019
34342
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida prank qilgan uch o‘smir 7 sutkaga qamaldi (video)

25 may kuni Toshkent metrosida uch nafar litsey bitiruvchisi pirotexnika buyumlari bilan mayda bezorilik sodir qilgan. Ular «prank» video tayyorlab, internetga joylash orqali pul ishlash va a'zolari sonini ko‘paytirish  maqsadida, metro poyezdi «Bodomzor» bekatiga kelib to‘xtaganida pitardalar solingan sumkaga o‘t qo‘yib, holatni telefonda videoga olishgan.

Shundan so‘ng bezorilar sumkani tashlab qochishgan, vagondagi olov tezda bartaraf etilgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Yunusobod tumani ma'muriy sudining 4 iyundagi qaroriga muvofiq, ayblanuvchilar muqaddam ma'muriy javobgarlikka tortilmagani, qilmishlaridan chin pushaymonligi va yosh ekanligi inobatga olinib, ularga 7 sutka ma'muriy qamoq jazosi belgilandi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu o‘smirlar Shayxontohur tumanidagi 5-sonli aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan akademik litsey talabalaridir. Ular «iPhone 5» telefonida olingan videoni internetga tarqatib ulgurishgan.

Bir haftalik qamoq jazosidan tashqari bu yigitlar, shuningdek, eng kam ish haqining 5,5 baravari miqdorida jarimaga ham tortilgan.

Mavzuga oid