Air France aviakompaniyasi samolyotlari Ho‘rmuz ko‘rfazi ustidan parvoz qilmaydigan bo‘ldi
Fransiyaning Air France kompaniyasi samolyotlari Ho‘rmuz ko‘rfazi ustidan parvoz qilmaydi, deb xabar berdi RIA Novosti.
"Air France samolyotlari Ho‘rmuz ko‘rfazi ustidan parvoz qilmaydi. Air France fransuz va mahalliy hukumat bilan birgalikda butun dunyo bo‘yicha xatarli parvoz hududlarini tahlil qilib boradi. Bu tahlil parvoz rejalarini muvofiqlashtirish va parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini kafolatlash imkonini beradi", - dedi aviakompaniya vakili.
Juma kuni qator aviakompaniyalar, jumladan KLM va Lufthansa mazkur hudud ustidan parvozlarni vaqtincha to‘xtatgani ma'lum bo‘ldi.
Avvalroq AQSh fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Amerika aviakompaniyalariga Ho‘rmuz va Ummon ko‘rfazlari ustidan uchib o‘tishni taqiqlovchi bildirishnoma chiqargandi.
20 iyun kuni Eron islom inqilobi korpusi soqchilari AQShga tegishli razvedka dronini urib tushirganini ma'lum qilgandi. Keyinroq AQSh bu ma'lumotni tasdiqladi. Eron tomoni urib tushirilgan dronning modeli RQ-4 Global Hawk ekanini aniqladi.
Eron AQShga tegishli bo‘lgan bu razvedka droni mamlakatning Ho‘rmuzgoh viloyati havo sarhadlarini buzib o‘tgani bois urib tushirilganini ma'lum qildi. AQSh tomoni esa dron xalqaro havo hududida bo‘lganini aytmoqda.
Ushbu voqeadan so‘ng Donald Tramp «Eron juda katta xato qildi», deb yozdi tvitterdagi sahifasida, ammo keyinroq buning ataylabdan qilinganiga ishonmasligini aytib, kimdir noto‘g‘ri qarori bilan bu xatoga yo‘l qo‘yganini taxmin qildi.
Mavzuga oid
11:46 / 17.12.2021
Air France – KLM alyansi 100ta Airbus samolyotini buyurtirdi
13:56 / 10.05.2020
Air France harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni samolyotlarga qo‘ymaydi
18:05 / 04.05.2020
Yevrokomissiya Air France aviakompaniyasiga 7 mlrd yevro moliyaviy yordam ko‘rsatilishini ma'qulladi
16:00 / 25.04.2020