O‘zbekiston | 12:42 / 21.06.2019
46724
2 daqiqa o‘qiladi

«Bahslar bo‘lardi, bitta taklif uchun olib borib, olib kelardi». Prezident senatorlarga mustaqillikning ilk yillaridagi parlamentni ibrat qildi

Bugun, 21 iyun kuni Oliy Majlisining 20-yalpi majlisida chiqish qilgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev senatorlarga murojaat qildi.

«Har kuni o‘tirib, yarim soat vaqt ajratib, kimligingizni hisob-kitob qiling. Galstukni yechib, ko‘ksingizdagi znachokni bir chekkaga qo‘yib, viloyatlarga chiqing. Har oyda hech bo‘lmasa, bitta tumanni namunali qilib beringlar. Ishlash kerak bo‘lgan sohalar ko‘p. Parlament o‘zgartirsin vaziyatni. 

Shunchaki qarsak chalib, ovoz berib o‘tirishlaring menga ma'qul emas. Mustaqil bo‘lganimizning dastlabki vaqtida Parlamentda bahslar bo‘lardi, bitta taklif uchun olib borib, olib kelardi. Hozir esa sukunat. Taklif beringlar.

3-4 oyda emas, kerak bo‘lsa, har oyda yig‘ilib, ijro faoliyatini nazorat qilish kerak. Qarorlar chiqyapti, lekin ularning ijrosini nazorat qilish kerak. 

Senatning vazifasi faqatgina islohotlarni qo‘llash emas, ularning ijrosiga ham aralashish kerak. Har bir senator o‘ylasin - «men qaysi qonunni nazorat qildim», deb», deya Prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Shuningdek, davlat rahbari senatorlarni mahalliy budjetlarni to‘ldirish haqida bosh qotirishga chaqirgan.

«Moliya vazirligi bilan kengashmayapti senat. Mahalliy budjetlar masalasi muammo bo‘lib qolyapti. Misol uchun, Toshkent viloyatiga 1,5 mlrd dollar kerak rivojlantirish uchun. Bu birgina viloyat. Qani, korxonalar bormi pul olib keladigan? Men pulni qayerdan olaman? Parlament ham bosh qotirsin mablag‘ni qayerdan topish kerakligi haqida. 

Ijro organidagilar senatni yomon ko‘rishi kerak, vazirlarni chaqiringlar, joniga teginglar talab qilib», degan prezident.

Mavzuga oid