O‘zbekiston | 08:34 / 21.06.2019
31847
3 daqiqa o‘qiladi

Kozim To‘laganov: Davlat dasturi asosida qurilayotgan uylarning narxini bundan ortiq arzonlashtirib bo‘lmaydi

Davlat dasturi asosida qishloq joylarda qurilayotgan yangi namunadagi hovlilar va ko‘p qavatli arzon uy-joylar narxini bundan ortiq arzonlashtirib bo‘lmaydi. Chunki, qurilish pudratchi tashkilotlari shundog‘am katta daromad ko‘rayotgani yo‘q. Qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov Milliy matbuot markazida OAV vakillari bilan muloqotda ularning savollariga javob berar ekan, shunday fikrni bildirdi.

Tadbir davomida «bir necha yillar avval qurilgan namunali loyihadagi uylarni faqat yuqori maosh olgan ishchi-xizmatchilar olishga qurbi yetar edi. Bugungi kunda arzon uy-joylar, deya davlat dasturi asosida uylar qurilmoqda. Bugun o‘sha arzon deyilgan uylarni haqiqatdan ham uyga muhtoj bo‘lgan kishi xarid qila olyaptimi? Arzon va yangi namunadagi uylarning narxi qancha», - degan savol bo‘ldi. 

«Bugungi kunga barchamiz to‘g‘ri ko‘z bilan qarashimiz kerak. Iqtisodiyot erkinlashtirildi. Davlat tomonidan narxi ushlab turilgan sement, metall va boshqa qurilish materiallari erkin narxda. Bugun qurilayotgan arzon uy-joylarning tannarxini oladigan bo‘lsak, quruvchilarning daromadi nol atrofida. Shaharqurilishinvest qurayotgan uylar narxining pasaytirilishi ham bunga ta'sir ko‘rsatdi va ular uchma-uch chiqmoqda. Narxni bunday pasaytirib bo‘lmaydi. 

Bekobod metall kombinatida metallolom deyarli yo‘q, Rossiyadan kelayotgan xom-ashyo hisobiga ishlayapti. Bu holatda narxni qanday tushirish mumkin? Har bir resurs, amalga oshirilayotgan ishlar nazoratda. Katta daromad topyapti, deb o‘ylamang. Yo‘q unday daromad», - dedi Qurilish vaziri o‘rinbosari.

«Qishloqqurilishinvest» vakili arzon uy-joylar narxi shakllantirilishiga doir ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashib, jumladan shunday dedi:

«Arzon uy-joylar narxi tannarxga bog‘langan. Pudratchilar soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlardan daromad qilishi mumkin xolos. Shu bilan birga, bugungi kunda arzon uy-joylar uchun boshlang‘ich badal 10 foiz qilib belgilangan. Bu ham uyga muhtoj kam ta'minlangan oilalar uchun imkoniyat beradi. Ular boshida qanday narxlangan bo‘lsa, oxirigacha narxi o‘zgarmaydi», - deya oydinlik kiritdi «Qishloqqurilishinvest» vakili. 

Mavzuga oid