O‘zbekiston | 19:42 / 22.06.2019
18573
4 daqiqa o‘qiladi

Kozim To‘laganov imoratning zilzilaga bardoshlilik sinovini bino ichida kuzatganini bildirdi

Qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov yangi qurilgan uylarning 9 ballik zilzilaga bardoshlilik sinovida shaxsan ishtirok etgan. U Milliy matbuot markazida OAV vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvda Kun.uz muxbiri savoliga javob berar ekan, shuni ma'lum qildi. Jumladan, Qurilish vazirligi mutasaddilariga quyidagi savol berildi. 

-  Sifatsiz, ta'mirtalab qurilgan namunali uylar bo‘yicha ko‘p tumanlarda bo‘lib, o‘rganishlar olib borganman. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, yaqinda Xitoyda zilzila ro‘y berdi, ularda tez qurilishi oqibatida 5 ballik yer qimirlashida ham uylar xarob ahvolga keladi. Qog‘ozda qayd etilaveradi, biroq murojaatlar bo‘yicha borganimizda jiddiy vaziyatlarga duch kelganmiz. Alloh asrasin, ammo bizda ham shunday tabiiy ofat ro‘y bergudek bo‘lsa, qurilayotgan uylar qanchalik chidamli? Bunaqa holatlarning oldini olish uchun nimalar qilinyapti? 

Bu savolga «Qishloqqurilishinvest» javob bergan Toshkent viloyati filiali bosh mutaxassisi Jumaniyoz Jumaniyozovga ko‘ra, bu kabi holatlar bo‘yicha murojaatlar o‘rnatilgan tartibda tekshiriladi, ekspertiza xulosalari olinib, tegishli choralar ko‘riladi. Bu savolga «Qishloqqurilishinvest»ning respublika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Oybek Kamolov aniqroq javob berishga urindi.  

Uning aytishicha, avval komissiya tuzilib, holatni o‘rganish natijasida poydevorni kuchaytirish ishlari orqali uyni mustahkamlash choralari ko‘riladi yoki qaytadan buzib, qurib berish holatlari ham uchramoqda. Bunda xarajatlar pudratchi zimmasiga yuklatiladi va bu mablag‘larni undirish maqsadida prokuratura va sud idoralariga murojaatlar qilingan holatlar mavjud.

«Ba'zi bir holatlarda, u-bu joyda shunday holatlar ro‘y bergani bor. Yaqinda Toshkent viloyatida xuddi shunga o‘xshagan misolni keltirishdi. Borib o‘rgansak, uyning oldiga qazilgan quduq, hech kim yashamaganligi tufayli, yorilib ketgan. Suv imorat tagiga oqqan va uy ikkiga yorilib ketgan. Komissiya tuzdik, borib o‘rgansak, sababi shunaqa. Xaridor uyni tuzatib berasizlar, deb turibdi. O‘zi qurilishda bunday bo‘lishi mumkin emas. Davlat arxitektura-qurilish boshqarmasi xodimlarining asosiy e'tibori konstruksiyasiga qaratiladi. Shuning uchun kamchilik aniqlansa, o‘shani tuzatmaguncha, boshqa ishlari to‘xtatib qo‘yiladi», - dedi Qurilish vaziri o‘rinbosari. 

Kozim To‘laganov, uylarning zilzilalarga bardoshliligi xususida ham o‘z fikrlarini bildirdi. 

«Mana zilzilaga bardoshlik xususida gapirdingiz. Toshkentda, respublikada qo‘yiladigan yangi konstruksiyalar barchasi tekshirib ko‘riladi. Yaqinda, chinni zavod oldida qurilgan yangi uyning birinchisi bitgach, o‘shani 9 ballga silkitdik. Men shuning ichida turdim. Birinchi va ikkinchi uy orasi 15 sm.ga borib kelyapti. Vahima. Lekin buni qilishimiz shart. Chunki, ertaga, 9 ballik yer qimirlagudek bo‘lsa, ko‘nglimiz xotirjam bo‘lishi kerak. Shuning uchun, qimirlamasin-ku, agar qimirlagan taqdirda ham 9 ballik zilzilaga dosh berishi shart. 

Endi, pudrat tashkilotlarining quvvatsizligi, ulardagi kamchilik, «Qishloqqurilishinvest»ning uylarini qurayotgan uylarda ko‘p kuzatiladi. Shuning oqibatida siz aytgandek holatlar u yer – bu yerda uchrab turibdi. Qancha chora ko‘rmaylik, qayerdadir shunga o‘xshash nimadir chiqib kelyapti», - dedi Kozim To‘laganov. 

Mavzuga oid