O‘zbekiston | 08:43 / 23.06.2019
110125
8 daqiqa o‘qiladi

Uzunda pensiya yoshidagi o‘qituvchini sobiq o‘quvchilari kaltaklashdi: jabrdiyda zo‘ravonlar jazolanishini istamoqda

Surxondaryo viloyatining Uzun tumani Chaqar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Munavvara Hasanova tahririyatimizga murojaat qilib, o‘zi duch kelgan adolatsizlik haqida so‘zlab bergan.

Kun.uz muxbiri Uzun tuman tibbiyot birlashmasiga borib, Munavvara Hasanovadan xabar oldi.

Ma'lum bo‘lishicha, shu yilning 8 iyun kuni 35 yildan buyon tumandagi 20-umumta'lim maktabida ingliz tilidan saboq berib kelayotgan pensiya yoshidagi M.Hasanovani ayovsiz kaltaklashgan. Uning o‘zi bo‘lgan voqeani shunday hikoya qilib berdi:

«Men to‘rt farzand — uch o‘g‘il va bir qizning onasiman. Barchasiga to‘g‘ri tarbiya berib oliy ma'lumotli qildim. Halol pul bilan ularni oliygohlarda kontrakt asosida o‘qitdim. Bu yo‘lda oilamiz bilan ro‘zg‘or tebratish uchun uyimizdan kichikroq do‘kon ochib, yuritdik. Lekin qariyb olti oydan beri do‘konni ishlatmayapmiz. Yangisini, zamonaviyrog‘ini quryapmiz», — dedi M.Hasanova.

8 iyun kuni kechqurun soat 22:00lar atrofida biz bilan istiqomat qiladigan o‘g‘lim Muzaffar Hasanovni shu qishloqda yashovchi J. va S. ismli ikki yigit chaqirib, «araq topib berasan», deb bo‘g‘ib olishadi.

«Shovqinni eshitib, otasi bilan men yugurib chiqdik. Qarasam — o‘zimning sobiq o‘quvchilarim ekan. Meni ko‘rib o‘qituvchisi ekanimni, ona ekanimni, ayol ekanligimni anglab qo‘yib yuborishar, deya ularni ajratishga tushdim. Qayoqda! Ular millatimizni kamsitib, «tatarlar» deb ham haqorat qilishdi. Shu orada qayerimdan zarba yeganimni ham bilmayman. Ko‘zim tinib, o‘zimdan ketib qolibman. Oradan ancha vaqt o‘tib, qo‘ni-qo‘shnilar qurshovida o‘zimga keldim. Ko‘zimni ocholmasdim», — dedi M.Hasanova.

Bo‘lib o‘tgan voqealarni uning o‘g‘li Muzaffar Hasanov ham tasdiqladi.

«Viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasida Uzun tumani inspektori bo‘lib ishlayman. O‘sha kuni darvoza taqillab qoldi. Shu paytda mahalliy telekanallardan birida bizning ishxona haqida lavha ko‘rsatishayotgan edi. Shunga biroz hayallab chiqdim. Chiqsam hamqishloqlarimiz — J. va S. ismli yigitlar. Ikkisi ham mast ekan. «Nega chaqirganda tezroq chiqmaysan?» — deyishdi. Keyin «aroq topib ber», deyishdi. Men do‘konimizda aroq sotilmasligi, umuman, 6 oydan buyon ishlamayotganimizni aytdim. Shundan so‘ng so‘kinib, haqoratlab, meni bo‘g‘ib olishdi. Onam shovqinni eshitib, ajratish uchun kelganida, uni J. musht bilan urib yubordi».

Munavvara Hasanova esa biz uning huzuriga borgan 14 iyun kuni ichki ishlar organlari zo‘ravonlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmayotganidan shikoyat qilgan edi. Mahalla inspektorini esa voqeaga befarq munosabatda ekanlikda aybladi.

«Men 35 yildan buyon bolalarga ingliz tilidan dars berib kelaman. Qizim ham mening kasbimni tanladi — hozir u ingliz tili o‘qituvchisi. Xullas, shu davlat uchun halol mehnat qildim. Oliy toifali o‘qituvchiman. Qilgan xizmatlarimga davlat orden yoki medal berish o‘rniga zo‘ravonlar ko‘zlarimni ko‘kartirishdi. Menga juda alam qilyapti», — dedi Munavvara Hasanova.

Biz Uzun tuman shoshilinch tez tibiiy yordam bo‘limi vrach-travmotologi Ismoil Ziyodullayevni savolga tutib, bemorga nisbatan kasallik tarixi ochilgani-yu, ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgani masalalariga qiziqdik.

— Munavvara Hasanova 8 iyun kuni soat 23:30da jarohat punktimizda qayddan o‘tgan. Navbatchi vrachlarimiz tomonidan qabul qilinib, davolash bo‘limiga yotqizilgan. Zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan. Olingan tan jarohati janjal bilan bog‘liq bo‘lgani sababli, bemorga tegishli hodisa ichki ishlar bilan bog‘liq jurnalga qayd qilingan va ichki ishlar bo‘limiga xabarnoma jo‘natilgan. Ayni kunda bemor tez tibbiy yordam bo‘limida yotib davolanmoqda. Bemorga qo‘yilgan tashxis: bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, ikkala ko‘z qovoqlarida qontalash, peshona sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi va teri osti gematomasi.

Chindan ham Uzun TTB umumiy qabulxona bo‘limining jarohat punkti, ichki ishlar bo‘limi bilan birgalikda qayd qilish jadvalida M.Hasanovaning jarohati qayd etilgan va 9 iyun kuni Tuman IIB xodimi O.Musurmonov tomonidan xabarnoma olingani imzolangan.

Biz voqea yuz bergan qishloqqa bordik. Munavvara Hasanovaning uyi shundoqqina mahalla fuqarolari yig‘ini ro‘parasida ekan. Eng qizig‘i, shu joyda jamoatchilik nazorat maskani tashkil etilgan bo‘lib, aynan kechki soatlarda ichki ishlar organlari xodimlari yo mahalla posbonlari tomonidan navbatchilik olib borilishi kerak bo‘lgan.

Mahalla fuqarolari yig‘inining yangi saylangan raisi o‘qishda bo‘lgani sababli, mahalla mas'ul kotibi Zulfiqor Qosimovdan bo‘lib o‘tgan voqealar xususida qisqacha tushuntirish oldik.

— Men voqea yuz bergan kuni Termizda edim. Ertasi kuni kelib xabar topdim. Shifoxonaga borib, bemor holidan xabar oldim. Onaxonga ozor yetkazgan mahalladoshlar bilan ham gaplashdim. Ular mastlik oqibatida bu ishni qilishganini aytishdi, tushuntirish ishlari olib bordik. Ular qilgan qilmishlaridan nihoyatda pushaymonligini aytishdi. Lekin bu voqea ustida qandaydir tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotganidan bexabarman.

Biz Uzun tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Anvar Normamatov huzurida bo‘lib, bo‘lib o‘tgan voqealarga izoh oldik:

— Ariza qabul qilingan. Hammasi kerakli tarzda rasmiylashtirilgan. Ish ochilgan. Bizda bunday jinoyatlar-u, ma'muriy huquqbuzarliklarni yashirish holati yo‘q. Chunki hamma ishni prokuratura nazorat qiladi. Javob beramiz. Shunchaki, mazkur holatda mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektori O‘rol Tog‘ayev Termizda qisqa muddatli o‘qishga jo‘nab ketgan. Shu sababli, bemordan xabar ololmagan. Ish qonunchilikda ajratilgan 10 kunlik muddatda o‘rganib chiqilib, tegishli choralar ko‘riladi.

Munavvara Hasanovaning uch nafar barvasta o‘g‘illari bor. Ularning ikki nafari Toshkentda ishlashadi. Ularga ham bo‘lib o‘tgan voqealar alam qilmoqda. «Bizga ham onasini kimgadir urdirib qo‘yibdi, degan gapni ko‘tarib yurish og‘ir. Biz zo‘ravonlarni qanday qilib tiyib qo‘yishni bilamiz. Lekin ular qonuniy jazosini olishini istaymiz», deyishdi ular.

P.S. Ushbu maqola e'lon qilinishi arafasida M.Hasanovaga yana bir bor telefon qildik. Unga shifoxonadan 21 iyun kuni javob berilgan. Shishlar hali qaytmagani, uyda ambulator tarzda davolanishni davom ettirayotganini ma'lum qildi. Lekin zo‘ravonlarga hanuz biror chora ko‘rilmaganini, hamma umidi bizdan ekanini ham siniqqina qistirib o‘tdi.

Kun.uz mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi hamda va Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan ma'lumot kutib qoladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid