O‘zbekiston | 22:08 / 25.06.2019
63658
3 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimlari huquqbuzarligini «fosh etish» taqiqlanishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori loyihasida YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabat qayd qilingan ma'lumotlarni internetga ruxsatsiz yuklashni taqiqlash taklif etilgan.

Qaror loyihasida «o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilgan yo‘l harakati qatnashchilariga ushbu ma'lumotlarni Internet jahon axborot tarmog‘iga o‘zining ruxsatisiz tarqatishi mumkin emasligini tushuntirish» va «o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan o‘zaro munosabati qayd qilingan ma'lumotlarni Internet jahon axborot tarmog‘iga ruxsatsiz joylashtirmaslik» kabi jumlalar bilan to‘ldirish taklif etilgan. 

Qayd etish kerakki, internetda YPX xodimi huquqbuzarligi aks etgan ko‘plab videolar tarqatilgan bo‘lib, so‘nggi paytda huquq-tartibot organlari bunga tegishli munosabat bildirib kelayotgandi. 

Vazirlar Mahkamasining ayni qaror loyihasida YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatlar qayd etilgan video/ma'lumotlarni internetda e'lon qilish uchun qanday va kimdan ruxsat olishiga aniqlik kiritilmagan. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 29-moddasiga ko‘ra, har kim fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kimning o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi kafolatlangan, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. 

Shunga qaramay, YPX xodimi ishtirokidagi turli video/ma'lumotlarni internetda tarqatish qonun bilan taqiqlanmagan. Qabul qilinadigan qonun hujjatlari esa o‘zidan yuqori turuvchi normativ hujjatlarga zid kelmasligi kerak.

Bundan tashqari, fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy mezonlaridan biri — jamoatchilik nazorati mexanizmi sifatida shaxslar qonunda belgilangan tartibda vakolatli shaxslarning huquqbuzarlik yo salbiy harakatini tanqid qilish haqiga ega.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid