O‘zbekiston | 23:31 / 27.06.2019
16260
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kishi boshiga 10 sotix o‘rmon to‘g‘ri keladi. Bu kammi yoki ko‘p?

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo-tinch okeani o‘rmon xo‘jaligi haftaligida Osiyo davlatlarida o‘rmonlarning bugungi holati, istiqboldagi rejalar va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

An'anaviy tarzda o‘tkaziladigan mazkur haftalikda ilk marta yurtimiz vakillari ham ishtirok etishdi. Tadbirning mohiyati, mamlakatimiz hayoti uchun ahamiyati va umuman yurtimizdagi o‘rmonchilik sohasi ahvoli bo‘yicha hozirda Incheonda bo‘lib turgan, O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdushukur Hamzayev Kun.uz uchun qisqacha ma'lumot berdi. 

«Haftalik davomida Koreya O‘rmon xo‘jaligi milliy instituti (NiFoS), Osiyo O‘rmonchilik instituti (AFI), Vetnam O‘rmon tadqiqotlari akademiyasi hamda Indoneziya O‘rmon xo‘jaligi rahbarlari bilan O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlari, jumladan, Orol dengizining qurigan tubida innovatsion usullarda o‘rmon barpo etish, ilmiy hamkorlik kabi masalalar bo‘yicha muzokaralar olib bordik, — deydi Abdushukur Hamzayev. — Shuningdek, uchrashuvlar davomida Koreya o‘rmon xo‘jaligi milliy ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlik memorandumi imzolash kelishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining taqdimotiga xalqaro ekspertlar, Osiyodagi o‘rmon xo‘jaligini yuritishga mas'ul tashkilotlar rahbarlari tomonidan iliq munosabatlar bildirildi. Qator kelishuvlarga erishildi. Ayniqsa, 2018–2019 yillardagi o‘rmon barpo etish bo‘yicha ishlar va yangi normativ hujjatlar, Orol dengizidagi ishlarga katta baho berildi. Orol bo‘yicha qilinayotgan ishlardan ko‘pchilik Osiyo davlatlari tegishli tashkilotlari xabardor.

Haftalikda ta'kidlanganidek, sayyoramizda kishi boshiga 0,5 gektar o‘rmon to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatgich 0,1 gektarga to‘g‘ri keladi. Yirik o‘rmonlarga ega davlatlar, masalan, Kanadada bu ko‘rsatkich — 8,9, Avstraliyada — 6,7, Rossiyada — 5,6 gektarga teng.

Osiyoda o‘rmon bilan qoplanganlik darajasi 20 foiz. Eng ko‘p o‘rmon bilan qoplanish esa Janubiy Koreyada – 73 foiz, shuningdek, bu ko‘rsatkich Laosda — 71, Yaponiyada — 67, Butanda — 64, Myanmada va Shimoliy Koreyada — 63 foizni tashkil etadi. O‘rmon bilan qoplanishi eng kam davlatlar esa Yaman (0,9 gektar), Bahrayn (0,7 gektar), Kuvayt (0,3 gektar), Afg‘oniston (0,5 gektar), Misr va BAA (1 gektar) dir. O‘zbekiston hududining 7 foizi o‘rmon bilan qoplangan. Yaqin uch-to‘rt yilda o‘rmonlarni yana kamida 14 foizga yetkazish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilgan. Birgina Orol dengizi misolida aytadigan bo‘lsak, mazkur dengiz qurigan hududida joriy yilning o‘zida 461 ming gektar o‘rmon barpo qilindi.

O‘rmon bilan qoplanish darajasi mamlakat uchun juda muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu daraja qayerda yuqori bo‘lsa, toza havo, kislorod ko‘p degani, suv va boshqa tabiiy resurslar, hayvonot va o‘simlik dunyosi boy degani. Bularning hammasi insonning yaxshi yashashi va uzoq va sog‘lom hayot kechirishi uchun muhim omil.

Shahar hududida barpo etilgan bir gektar daraxtzor bir soatda sakkiz kilogramm zaharli gazlar va karbonat angidridni yutadi. Bu miqdordagi uglekislotalar, karbonat angidridni bir soatda 200 kishi atmosferaga chiqaradi. Toshkent shahri sharoitidan kelib chiqadigan bo‘lsak, har bir inson normal sharoitda yashashi uchun 50 metr kvadrat ko‘kalamzorlashtirish kerak. Keyingi yillarda Toshkent, Samarqand va boshqa qator shaharlarda ko‘kalamzorlashtirish ancha kengaydi. Ammo bu ishlarni nafaqat davlat idoralari balki har bir xo‘jalik tashkiloti amalga oshirishi lozim», — deydi O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Hamzayev.

Anvar MUSTAFOQULOV tayyorladi.

image_2019-06-21_21-08-45.png
image_2019-06-21_21-10-05.png

Mavzuga oid