Light | 18:49 / 29.06.2019
9710
12 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy texnologiyalardan voz kechish uchun 14 sabab

Kompyuter, smartfon va boshqa aqlli qurilmalarning qanday salbiy jihatlari mavjud? Layfxaker ularga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Layfxaker

Gadjetlar juda ko‘p vaqtni “o‘g‘irlaydi”

Biz vaqtimizning katta qismini kompyuter oldida o‘tkazamiz. U yonimizda bo‘lmaganida esa smartfonga o‘tamiz. Yoki videoo‘yinlarga “yopishib qolamiz”. Yangiliklarni tomosha qilamiz, tanishlarning suratlariga layklar bosamiz va tarmoqdagi befoyda muhokamalarda ishtirok etamiz.

Agar biroz muddatga jami gadjetlardan voz kechsangiz, paydo bo‘lgan vaqt miqdori sizni hayratga soladi. Uni foydali narsalar uchun sarf etish mumkin. Misol uchun, sport bilan shug‘ullanishga. Ta'mirlash ishlarini amalga oshirishga. Oxir-oqibat uxlashga!

Ekranlar ko‘rish qobiliyatiga zarar keltiradi

Ekranga uzoq vaqt davomida tikilib turish ko‘rish qobiliyatiga zarar keltiradi. Massachusets oftalmologiya va otolaringologiya oftalmologi Metyu Gardiner buning ikki sababini aytib o‘tgan.

Birinchidan, interfeys elementlarini ko‘zdan kechirayotganda ko‘zlar zo‘riqishga uchraydi. Ikkinchidan, kompyuter oldida ko‘zlarni pirpiratishni unutib qo‘yamiz. Pirpiratishning takrorlanishi daqiqasiga 15 tadan 5 tagacha pasayadi. Shuning uchun ko‘rish qobiliyatini saqlash uchun ayyorona bo‘lmagan qoidalardan foydalaning va kompyuter oldida kamroq o‘tiring.

Gavdaning tuzilishiga zarar yetkazishingiz mumkin

Ko‘rish qobiliyatidan tashqari kompyuter gavda tuzilishiga ham zarar yetkazishi mumkin. Uzoq vaqt davomida harakatsizlikni saqlash insonga xos. Shuning uchun kompyuter oldida to‘g‘ri o‘tiring. Yoki undan umuman foydalanmang.

Smartfonlar esa bo‘yin uchun zararli: ulardan foydalanayotganda ekranga qarash uchun doimiy ravishda bo‘ynimizni egamiz. Amerikalik chiqqan-singan suyaklarni soluvchi shifokor Din Fishman smartfonda boshini egib yozishish ishqibozlarida rivojlanadigan kasallik uchun hatto “matnli bo‘yin sindromi” degan maxsus nomni taklif etgan.

Gadjetlar uyquga zarar keltiradi

Ko‘pchilik tun botguniga qadar kompyuterlar oldida o‘tiradi. Uxlashga yotganda ham ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni o‘qib yoki Instagram’dagi suratlarni tomosha qilib, smartfonlarga “yopishib qolishda” davom etishadi. Gadjetni bir chetga surib qo‘yish va nihoyat uxlashga yotish ayrim hollarda juda murakkab bo‘ladi.

Kompyuter, smartfon va umuman yorqin ekranli qurilmalar uyqu sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu bir necha marta tadqiqotlar natijalari bilan isbotlangan.

Displeylardan kelayotgan yorug‘lik melatonin ishlab chiqarilishini pasaytiradi. Bu holat esa tabiiy biosur'atlarni buzadi.

Raqamli qurilma ishlab chiqaruvchilarining bu muammodan xabarlari bor: ular gadjetlarni “Tungi rejim” funksiyasi bilan jihozlaydilar, u ekranlarning rangini avtomatik tarzda o‘zgartiradi. Biroq bu to‘laqonli chora emas. Uyquni yaxshilashning eng ishonchli usuli uyquga yotishdan bir necha soat avval televizor, kompyuter, planshet va smartfonlardan voz kechish.

Ijtimoiy tarmoqlar hasad va depressiya chaqiradi

Ijtimoiy tarmoqlarda bari ajoyib. U yerdagi jami odamlar baxtli va chiroyli. Instagram yoki Facebook obunachilari suratlariga e'tibor bering: ular ideal qad-qomatni namoyish etishadi, sayohat ishqibozlari esa delfinlarning dumidan ushlashadi va Everestni zabt etadilar, badavlat yoshlar esa o‘zlarining Lamborghini mashinalari oldida suratga tushadilar. Beixtiyor hayotingizda nimadir noto‘g‘ri ketayotgani haqida o‘ylanib qolasiz.

Xyuston universiteti olimlari tadqiqot o‘tkazishdi va depressiya hamda Facebook’dan foydalanish o‘rtasidagi aloqani aniqlashdi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda vaqtining ko‘p qismini o‘tkazadigan kishilar o‘zini do‘stlari bilan taqqoslashi, tushkun va baxsiz holatga tushib qolishlarini aniqlashdi.

Gyoteborg universiteti olimlarining tadqiqot natijalari esa smartfonni suiiste'mol qilish depressiya xavfini oshirishini tasdiqlaydi. Ularning Garvarddagi hamkasblari ham xuddi shu fikrda.

Shunday ekan, o‘zgalarning suratlarini o‘rganishni bas qiling: o‘z hayotingiz bilan yashang.

Texnika doimiy ravishda mablag‘ni talab etadi

Kuchli o‘yin kompyuterini to‘pladingiz. Oradan bir necha yil o‘tdi va u grafikaning yuqori sozlamalaridagi yangi AAA-o‘yinlarni torta olmayapti. Ancha-muncha pul sarflab, smartfon-flagman sotib oldingiz. Biroz vaqt o‘tgach esa ishlab chiqaruvchilar undan ham yangisi haqida xabar berishadi. Eski qurilma uchun yangilashlarni chiqarishmaydi. Faqat eng yangilarini xarid qilish kerak bo‘ladi.

Kompyuterlar tez eskiradi, mobil gadjetlar esa undan ham tezroq. Ilovalar qotishni boshlaydi, interfeys esa bir maromda ishlashi yo‘qoladi va beixtiyor jami gigabayt xotira va protsessor gigagerslari qayerga ketgani haqida o‘ylay boshlaysiz.

Texnik yangiliklar ortidan quvishni bas qiling va juda ko‘p pulni tejab qoling. Uni katta foyda bilan qo‘llash mumkin: kitoblar, taom, kiyim-kechak, sayohatlar.

Kompyuter va smartfonlarning umri uzoq emas

Zaxira nusxalari va bulutlar – albatta qulay. Biroq eng saqlash va nusxa olishning ilg‘or elektron vositalari ham ma'lumotlarning yuz foiz saqlanishiga kafolat bermaydi.

Foydalanuvchilar yillar davomida MySpace’ga suratlar, videoyozuvlar  va musiqani joylashtirganlar. Kimdir fotoarxivni bir necha yil davomida Flickr’da saqlaydi. Biroq u kutilmaganda tozalash o‘tkazishga qaror qiladi. Suratlar shu tariqa g‘oyib bo‘ladi.

Internet bilan bog‘liq nosozliklar mavjudmi? Bo‘ldi, Google xotirasidagi ma'lumotlaringizga kirish imkonini yo‘qotasiz. Hatto qo‘lingiz ostidagi odatiy qattiq disk ishlamay qolishi mumkin. Uning ichidagini tiklay olishingiz aniq emas.

Texnologiyalar dangasalik va vaqtni bekorga sarflash odatini qo‘zg‘atadi

Raqamli o‘yinlardan foydalanish osonligi bilan farqlanadi. Istagan vaqtingizda barini tashlab suv polosi yoki ikebana yasash bilan shug‘ullana olmaysiz. Hujjatlarni bir chetga surib, sevimli o‘yinni ishga tushirish va do‘stlar bilan chatlarda suhbatlashishdan oson narsa yo‘q.

Bunday holatlardan o‘zingizni ushlab qolish uchun kuchli iroda kerak bo‘ladi. U esa hammada ham mavjud emas.

Aqlli qurilmalar xotirani yomonlashtiradi

Zamonaviy texnologiyalar xotiramiz bilan ajoyib ishlarni amalga oshiradi. Turli servis va ilovalar bizga barini eslab qolish uchun o‘ylab topilgan. Vazifalar menejyerlari vazifalarni aqlda saqlamasdan ularni yozib borish va muddatlarni belgilash imkonini beradi.

Ijtimoiy tarmoqlar do‘stlarimizning tug‘ilgan kunlari haqida eslatadi. Google xarita va izlash qatori kerakli manzilni topishda doimo yordamga keladi. Bularning bari juda qulay, biroq miya uchun u qadar foydali emas.

Doimiy ravishda gugldan izlash odati xotiraga zarar keltiradi.

Eslash uchun harakat qilish ham shart emas, raqamli qurilmalarga ishonish ancha qulay. Amerika psixologiya uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, smartfonlardan foydalanadigan odamlar parishonxotir va bee'tibor bo‘lishar ekan.

Smartfonlar baxsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin

Mashable nashriyotining xabar berishicha, odamlar selfi olishga harakat qilish vaqtida akula hujumiga qaraganda ko‘proq nobud bo‘lishar ekan. Albatta, g‘alati eshitilishi mumkin, biroq unda haqiqat mavjud.

Smartfonni ko‘zdan kechirishga chalg‘ib, mashina ostida qolish, qoyadan yiqilish va hatto ayiqning qurboniga aylanish mumkin. Agar smartfondan rulda foydalansangiz, nafaqat o‘zingiz, balki atrofdagilarni ham xavf ostida qoldirasiz.

Xabarlar odamni chalg‘itadi

Va nihoyat, biror ishga diqqatingizni jamladingiz. Kutilmaganida gadjetlar biror yangilik haqida xabar beradi. O‘qilmagan xabarnomalarni tekshirasiz, ishga qaytasiz va bir necha daqiqa avval nima haqida berilib o‘ylaganingiz haqida batamom unutganingizni tushunasiz.

Irvayndagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari ishni to‘xtatgandan keyin diqqatni to‘liq tiklash uchun 23 daqiqayu 15 soniya talab etilishini aniqlashgan.

Bir necha fursatlik chalg‘ishning badali ana shunday.

Bundan tashqari, mobil qurilma xabarnomalari aqlimiz bilan g‘alati hazillar ham qiladi. Indiana universiteti psixologlari yangi hodisani kashf etishdi va unga “fantom tebranish sindromi” deb nom berishdi. Ayrim hollarda telefon tebrangandek tuyuladi, siz uni tekshirasiz – biroq hech qanday xabarlar bo‘lmaydi. Ko‘pincha bunday holat uyquga yotgan vaqtingizda kuzatiladi. Bu esa uyqu uchun u qadar foydali emas.

Imkoni bo‘lganida har doim xabarnomalarni o‘chirib qo‘ying, tarmoqdagilarni doimiy ravishda tekshirish odatini bas qiling.

Internet ijtimoiy izolyatsiyaga olib kelishi mumkin

Do‘stlar topish, muloqot qilishda yordam berishi lozim bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar ko‘pincha aynan shu sohadagi muammolarga olib keladi. Smartfon yoki kompyuter ekranidagina muloqot qilishga odatlangan kishilar real hayotda tanishlar orttirishdan uyalishadi, noqulay suhbatlar vaqtida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi va suhbatdoshga nisbatan sezgir bo‘lishmaydi.

Biroq jonli muloqotni hech kim bekor qilmagan. Tadqiqotlar suhbat davomida mobil qurilmalarga e'tibor berish odamlarni siz haqingizda yomon fikrda bo‘lishga majbur qilarkan. Ushbu ijtimoiy hodisa uchun hatto maxsus atama – fabbing ham o‘ylab topilgan. Shuning uchun o‘zga kishilar bilan muloqotga kirishishdan avval barcha gadjetlarni o‘chiring va berkiting.

Texnologiyalar maxfiyligingizni buzadi

Mobil qurilma, dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilari, veb-servis yaratuvchilari sizga keyinchalik reklamalarni tiqishtirish uchun siz haqingizda ko‘plab axborotni to‘playdi.

Eng achinarlisi bizga tegishli ochiq ma'lumotlardan nafaqat reklama beruvchilar, balki tarmoqdagi firibgarlar ham foydalanishlari mumkin. Ular foydalanuvchilardan pul talab qilishadi, elektron pochtani buzib kirishadi, iCloud akkauntingizni olib qochishga intilishadi va boshqa ko‘plab qabihliklarni amalga oshiradilar.

Shuning uchun tarmoqda qancha kam ko‘rinsangiz, shuncha yaxshi bo‘ladi.

Qurilmalar sizni elektr tarmog‘iga bog‘lab qo‘yadi

Mobil qurilmalar akkumulyator quvvatini juda tez sur'atlarda yeb bitiradi. Flagman smartfoningiz qancha kuchli bo‘lsa, u shuncha ko‘p quvvatni talab etadi. Shuning uchun sutkasiga kamida bir marta rozetkani izlaymiz.

Smartfon va kompyuterlarga tobelikni kamaytirib, ularning elektr tokiga bo‘lgan ishtahasini mo‘'tadillashtirishingiz mumkin. Gadjetni ish yoki universitetda quvvat oldirish borasida xavotirlanishni bas qiling. Rozetka va mos keluvchi simni izlab sarson bo‘lmaysiz. Yoningizda pauerbank olib yurish va quvvat darajasini kuzatishingiz shart bo‘lmay qoladi. Yorug‘likning o‘chirilishi siz uchun falokat bo‘lib ko‘rinmaydi. Ha, albatta bu bilan sayyoraga ham foyda keltirasiz.

Va nihoyat, asosiy sabab. Internet va yangi gadjetlar bilan foydalanib, neyrotarmoqlar rivojlanishiga ongsiz ravishda hissa qo‘shasiz. Sun'iy idrok shaxmat va Dota 2 da bizdan ustunlik qilmoqda. Kutilmaganida u insoniyatni qullarga aylantirishni istab qolsa nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi? Albatta, bu hazil. Biroq ehtimol bir daqiqa davomida bu haqida o‘ylab ko‘rish kerakdir.

Mavzuga oid