O‘zbekiston | 10:50 / 01.07.2019
40225
5 daqiqa o‘qiladi

Bodi kameralar bo‘yicha topshiriq bajarilishi yana kechiktirildi. IIV rasmiy izoh berdi

O‘zbekistonda 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi majburiy qilingandi. Lekin bu tartib o‘z muddatida kuchga kirmaydigan bo‘ldi. IIV YHXBB «Kameralar butunlay bekor qilingani yo‘qligi, faqat muddatlarini uzaytirish rejalashtirilayotgani» to‘g‘risida bayonot berdi.

«Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligi oshirish maqsadida «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida»gi qarorini chiqargan edi. Mazkur qarorga asosan YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi belgilandi.

Shuni ta'kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 4075-sonli qarorida aynan shu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda ularning ijrochilari, bu ishga mas'ullar, bajarish muddatlari belgilab berilgan. Qaror e'lon qilingach xodimlarni bodi kameralar bilan ta'minlash yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bir-necha vazirlik va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda bodi-kameralarni ishlatish yuzasidan texnik shartlar, ularni xarid qilish bo‘yicha tender tanlovlari shartlari ishlab chiqildi, e'lon qilindi. Turli savdo tashkilotlariga yuborildi. Ularning takliflari jamlandi.

Nufuzli komissiya tomonidan har bir taklif atroflicha va batafsil o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar jarayonida kameralarning narxidan boshlab, yetkazib berish shartlari va muddatlarigacha ko‘rib chiqildi. Navbatdagi vazifa kameralarni turli ob-havo sharoitlarida, turli ko‘rinishlarda, har xil xolatlarda, vaziyatlarda ishlatib ko‘rish va sinovdan o‘tkazish edi. Bu bosqich ham muvaffaqiyatli yakunlandi.

Bodi-kameralar xarid qilinadigan tashkilot aniq bo‘ldi. Endi butun diqqat-eʼtibor ma'lumotlarni saqlash qurilmalarini xarid qilish, dasturiy ta'minotni ishlab chiqishga qaratildi. Bu jo‘n vazifa emas. Ertaga yo‘llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, bahs-munozaralar kelib chiqmasligi aynan mana shu dasturiy ta'minotni to‘g‘ri va aniq ishlashiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Shuni hisobga olgan holda dasturiy ta'minotni ishlab chiqish ishlariga yetuk mutaxassislar, kompaniyalar jalb etildi. Hozirgi kungacha bu ishlarning deyarli sakson foizi bajarildi. Bodi-kameralarni xarid qilish yuzasidan tuzilgan shartnomada ularni yetkazib berish muddati 120 kun qilib belgilangan. Bu ta'minotchining talabi. O‘z-o‘zidan ravshanki bu muddat qaror ijrosini o‘z vaqtida bajarishga mos kelmaydi.

Shularni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bodi-kameralarni ishga tushirish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha taklif berildi. Kameralar butunlay bekor qilingani yo‘q, faqatgina uning ishga tushirish muddatlarini uzaytirish rejalashtirilmoqda. Shuni to‘g‘ri tushunish va qabul qilish kerak», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qaroriga ko‘ra, 2019 yilning 1 iyulidan boshlab YPX xodimlari o‘z xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi kerak edi. Ya'ni, bodi-kamerasisiz yo‘lda xizmat olib borayotgan YPX xodimi — noqonuniy YPX xodimiga aylanishi kerak edi. 

2019 yil may oyida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l-patrul xodimlari 1 iyulgacha bodi kameralar bilan ta'minlanishi haqida bayonot bergandi.

Lekin iyun oyida IIV 1 iyuldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan tartibni 2020 yil 1 yanvariga qadar surmoqchi ekani ma'lum bo‘lgandi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil dekabridagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 4075-sonli qaroriga ko‘ra bodi-kameralarni sotib olish Mudofaa sanoati qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan.

Qarorning 16-bandida shunday deyiladi: «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi 2019 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtma va talablari asosida ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari xodimlari, keyingi navbatda patrul-post xizmati uchun mobil videokameralar hamda ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish elektron tizimi planshetlari xarid qilinishini ta'minlasin».

Qayd etish kerakki, YPX xodimlari bodi-kameralar bilan ta'minlanishi haqida 2017 yilning dekabrida aytgandi, o‘shanda rejaga ko‘ra 2018 yil fevralidan YPX xodimlari bodi-kameralar bilan ishlashi nazarda tutilgandi.

Mavzuga oid