O‘zbekiston | 14:13 / 02.09.2019
14118
5 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirligi bodi kameralar uchun tender haqidagi maqolaga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki ishlar organlari xodimlariga biriktiriladigan mobil videokamera (bodikamera) vositalari haqida Kun.uz saytida e'lon qilingan «Bodi kameralar bo‘yicha shubhali tender. Unda yutib chiqqan kompaniyaning AQShdagi dala hovliga qanday aloqasi bor?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

«Joriy yilning 1 avgust kuni kun.uz saytida «Bodi kameralar bo‘yicha shubhali tender. Unda yutib chiqqan kompaniyaning AQShdagi dala hovliga qanday aloqasi bor?» sarlavhali maqolasi chiqqan. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4075-sonli Qarori talablari asosida ichki ishlar organlari xodimlariga biriktiriladigan mobil videokamera (bodikamera) vositalarini xarid qilish ishlari xato va kamchiliklar bilan amalga oshirilayotgani yuzasidan xabar berilgan.

Xususan, mobil videokamera (bodikamera) vositalari bilan ichki ishlar organlari xodimlarini ta'minlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi hamda mazkur vositalar bilan ichki ishlar organlarini ta'minlash borasidagi tanlovlarda g‘olib deb e'lon qilingan kompaniyaning yuridik manzili va tender komissiyasi xulosasi bo‘yicha shubhali fikrlar aks ettirilgan.

Mazkur masala yuzasidan Ichki ishlar vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi:

1. Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokamera (bodikamera) vositalari bilan ta'minlash yuzasidan joriy yilning yanvar oyida Mudofaa sanoati Davlat qo‘mitasi tomonidan dastlabki konkurs tanlovlari o‘tkazilgan.

Mazkur tanlovda ishtirok etish maqsadida quyidagi 15ta ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini taklif etishgan:

«ANICO kft», «BIEM JSC», «EDESIX», «INFINECOM LLC», «Secure House», «Poly Technologies», «Posco DAEWOO», «SpektoKom» MChJ, «TAR Military&Police Equipment&Training», «TORSVIK Project Engineering», «TeXNODINAMIKA» Aviatsionno-servisnyy sentr, «CEIEC», «DES Ltd», «O'zelektroapparat-Electroshield» AJ, «TELECOM DEVICES PRO».

Biroq, maqolada ko‘rsatib o‘tilgan «ORGSELL» MChJ tomonidan mobil videokamera (bodikamera) vositalarini yetkazib berish yuzasidan hech qanday takliflar kelib tushmagan va ushbu kompaniya loyiha doirasidagi tanlovda ishtirok etmagan.

2. Konkurs tanlovlarining sharti asosida mahsulotlarning (mobil videokamera) sinovlari o‘tkazilishi lozimligidan kelib chiqib, o‘z mahsulotini sinovlarga taqdim etgan 6ta, shu jumladan, «ANICO kft», «INFINECOM LLC», «Secure House», «Poly Technologies», «DES Ltd», «O'zelektroapparat-Electroshield» AJ kompaniyalarining mobil videokamera vositalari aprel-may oylari mobaynida sinovlardan o‘tkazilgan.

3. Tanlov jarayonlari ochiqligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga asosan, manfaatdor tashkilotlarning mutasaddi vakillaridan iborat idoralararo komissiya tashkil etildi.

Komissiya tomonidan sinovlar yakuni bo‘yicha barcha texnik talablarga to‘g‘ri kelgan mobil videokamera (bodikamera) bilan ichki ishlar organlari xodimlarini ta'minlash «O'zelektroapparat-Electroshield» AJ tomonidan amalga oshirilishi belgilab olindi.

4. «Tender komissiyasi bayonnomasida buyurtmachi va g‘olib kompaniya - Infinecom LLC o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanishi tavsiya qilingan» deb ko‘rsatilgan hujjat boshqa loyiha doirasida tuzilgan bayonnoma bo‘lib, mobil videokameralarni joriy qilishga umuman aloqasi yo‘q. Mobil videokameralarni yetkazib berish bo‘yicha tender komissiyasi raisi etib F.F.Kasimov tayinlanmagan.

5.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyuldagi 556-son qaroriga muvofiq mobil videokameralarni amaliyotga joriy qilish 2020 yilning 1 yanvar kuniga belgilangan bo‘lib, ichki ishlar organlarini mobil videokameralari bilan ta'minlash ishlari alohida nazoratga olindi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabarida.

Mavzuga oid