O‘zbekiston | 08:17 / 05.07.2019
12316
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hokimligi XUJMSh nima uchun boshqaruv kompaniyalariga almashtirilayotganini tushuntirdi

Foto: KUN.UZ

Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqaruv kompaniyalari o‘rtasida tanlov e'lon qilingani aholi orasida ko‘plab savollar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar hokimligi ularning eng asosiylariga javob berishga harakat qilgan.

Boshqaruv kompaniyalari tomonidan uy-joylarga xizmat ko‘rsatilishi xususiy uy-joy mulkdorlar shirkati xizmatidan nimasi bilan afzal bo‘lishi mumkin?

Boshqaruv kompaniyalari ko‘p qavatli uylarga professional darajada xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yetarli tajribaga ega hamda ish jarayonida har bir uyning arxitekturasi va sharoitidan kelib chiqib ta'mirlash ishlarini amalga oshiradi. E'lon qilingan tanlovga ko‘ra esa ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha samarali boshqaruv mexanizmi, malakali mutaxassislar va texnikaga ega eng ilg‘or kompaniyalar tanlab olinadi.

Bugungi kunda Chilonzor tumanida samarali faoliyat yuritayotgan, aholining ishonchini qozongan, e'tirofiga sazovor bo‘lgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati qatori, faoliyatidan mulkdorlar norozi shirkatlar ham bor. Tanlov natijasida ayni shunday xizmat ko‘rsatuvchilar o‘z o‘rnini boshqaruv kompaniyalariga topshiradi.

Boshqaruv kompaniyalariga o‘tish majburiymi yoki Chilonzor aholisi o‘z xohishiga ko‘ra XUJMShda qolishi mumkinmi?

Albatta, Uy-joy kodeksining 138-moddasiga binoan mulkdorlarning xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati yoki boshqaruv kompaniyalari xizmatidan foydalanishi uy ahlining umumiy majlisidagi qaroriga ko‘ra hal qilinadi.

Ammo buning uchun aholining kamida 50 foizi qarorni ma'qullab ovoz berishi kerak. Qarorni ma'qullamaganlar o‘z ixtiyori va xohishiga ko‘ra, boshqaruv kompaniyasi yoxud shirkat xizmatidan foydalanishi yoki kommunal xo‘jalikka daxldor kamchiliklarni mustaqil hal qilishi mumkin.

Boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan xizmat ko‘rsatish narxlari ko‘tariladimi?

Oylik yig‘imlar miqdori kompaniya rahbariyati bilan aholi o‘rtasida shartnoma tuzilgunga qadar o‘tkazilgan umumiy yig‘ilishda muhokama qilinadi va belgilanadi.

Taklif etilayotgan yig‘imlar miqdori ma'qullanishi uchun majlis qatnashchilarining yarmidan ko‘pi ovoz berishi kerak. To‘lovlarning eng kam miqdori tumanlardagi Xalq deputatlari Kengashi tomonidan belgilanadi (XUJMSh faoliyati uchun yig‘imlar esa Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan belgilanadi).

Aholi pullari qanday sarflanadi?

Boshqaruv kompaniyasi aholini uy-joylarini ta'mirlash, obodonlashtirish rejasi bilan tanishtiradi, reja asosida qilinayotgan ishlar haqida axborot beradi va har chorakda bajarilgan ishlar hamda pul mablag‘larining sarflanishi haqida hisobot beradi.

Mavzuga oid