O‘zbekiston | 18:58 / 06.07.2019
3591
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropada Boeing kompaniyasiga 737 MAX samolyotlari bo‘yicha talablar qo‘yildi

EASA Yevropa avianazoratchisi AQSh federal aviatsiya boshqarmasi va Boeing kompaniyasiga Boeing 737 MAX samolyotlari bo‘yicha beshta talabdan iborat ro‘yxatni jo‘natdi. Bloomberg agentligining xabariga ko‘ra, talablardan biri avtopilot ishi bilan bog‘liq.

Dastlabki to‘rt talab dasturiy ta'minotni hamda uchuvchilarni o‘qitish tizimini yaxshilashga aloqador. Agentlikning qayd etishicha, ushbu samolyotlar bilan yuz bergan ikki aviahalokat sabablari haqida so‘z borganida aynan mana shu holatlar tilga olingandi. 

EASA samolyotlarni boshqarishning avtomatik tizimi favqulodda vaziyatlarda o‘chmasligini ta'kidlamoqda. Bu esa uchuvchilarning murakkab vaziyatni tezda bartaraf etishlariga to‘sqinlik qiladi va yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid soladi.

2018 yil oktyabrda Indoneziyada Boeing 737 MAX samolyoti halokatga uchrashi natijasida 189 kishi halok bo‘lgandi. Ikkinchi layner shu yilning martida Efiopiyada qulab tushdi. Oqibatda 157 kishi halok bo‘ldi. Qator davlatlarda ushbu rusumdagi samolyotlar parvozi to‘xtatildi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid