Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farrux Dadaxo‘jayev: «Do‘kondan qurolni sotib olib, yursa bo‘ladi» degan noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘ldi
Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan «Qurol to‘g‘risida» gi qonun ma'qullangan edi. Mazkur hujjat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev o‘z munosabatini bildirdi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida qonun mohiyatini tushuntirib, bahsli savollarga javob berdi.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
— «Qurol to‘g‘risida» gi qonun Cenat tomonidan ma'qullangunga qadar O‘zbekistonda qurol deganda qanday tushuncha anglashilgan va ayni holatda qurol deganda nimani tushunamiz?
— Mana shu masala, shu «Qurol to‘g‘risida»gi qonun Senat tomonidan ma'qullanganidan keyin, juda ko‘p tushunmovchilikka olib kelyapti. O‘zimga ham aholimizdan yuzlab murojaatlar bo‘layapti. «Mana endi borib, do‘kondan qurolni sotib olib, yursa bo‘ladi», degan noto‘g‘ri tushunchalar ketdi.
Avvalo, qurol deganimizda biz uch xil qurolni bilamiz. Birinchi qurol — harbiy masalalar uchun ishlatiladigan vosita. U davlat rahbarining qarorlari bilan tartibga solingan. Ikkinchi qurol bu xizmat qurolidir. Xizmat qurolini ichki ishlar organlari, huquqni muhofaza qilish organlari va qorovul xizmati organlari ishlatadi. Qonunda mana shu ham ko‘rsatib o‘tilgan. Uchinchi qurol esa, mana shu aholi o‘rtasida shov-shuv bo‘layotgan masala, bu fuqaro quroli.
Fuqaro uchun aslini olganda, agar biz shu o‘qotar qurollarni oladigan bo‘lsak, bu ovchilarni ov qilish quroli bo‘lishi mumkin. Bilasizlar, ovchilar bundan yuz yil oldin ham, ming yil oldin ham, o‘n yil oldin ham bo‘lgan. Ularda qurol ham bo‘lgan. Bu tizim asosan ichki ishlar organlari, huquqni muhofaza qilish organlarining o‘zini qonun qoidalari bilan tartibga solib kelingan. Tartib kuchli bo‘lgan, lekin qonunbuzarlikka ham yo‘l qo‘yilgan.
Endi mana fuqaro quroli nima deganda, ovchilarning qurolini tushunish lozim. O‘zbekistonda 39 mingga yaqin ovchi bor. Bugungi kunda shunga yaqin va ularning qo‘lida 53 mingta qurol bor. Mana shu qurollarning egasi bo‘lishi uchun duch kelgan inson do‘kondan qurol sotib olmaydi. Birinchidan hamma viloyatda ham qurol sotadigan markazlar yo‘q. Toshkent yo Samarqand kabi yirik aholi yashayotgan viloyatlarda faoliyat olib borayotgan qurol do‘konlariga ham qancha qurol olib kirish mumkin, qanaqa qurol olib kirish mumkin, qanaqa tartibda sotish mumkin, degan masalalari puxta ko‘rib chiqilgan.
Ovchi bo‘lish uchun murakkab sinovlardan o‘tish kerak. Masalan ovchi bo‘lish uchun, avvalo, narkodispanserdan, psixiatrdan o‘tish kerak, undan keyin hujjatlarni yig‘ib, ovchilik uyushmasiga borishi kerak. U yerda ma'lum vaqt o‘qitiladi. Dars olib, o‘qib miltiq ishlatishni bilgandan keyin, ular o‘quvchiga qog‘oz beradiki, havaskor ovchi bo‘ldi, bizda hisobda bor, deyiladi. Guvohnoma olib, keyin Milliy gvardiyaga keladi. Ma'lum vaqtda hujjatlar tekshiriladi. Qani bu insonning o‘zida shu qurolni olib, ovchi bo‘lishga moyillik bormi? Bunga, balki, to‘g‘ri kelmaydigan holatlar bo‘lishi mumkin, degan farazlar ham o‘rganiladi. Milliy gvardiyada hisobiga o‘tgandan keyin, har uch yilda bir marta borib, qaytadan registratsiya qilib turish kerak.
Hozirgi tartibda shunaqangi bir talab qo‘yilganki, Milliy gvardiya xodimi yo ichki ishlar xodimi ertalab soat 6:00dan kechki soat 22:00 gacha xohlagan vaqtida ovchining xonadoniga kelib, qurolni ko‘zdan kechirishi mumkin va unga sharoit yaratib berilishi kerak. Oldin bunaqa emas edi: egasini qidirib topgin, u ham ishda bo‘lardi.
Pnevmatik qurol ham bor. Lekin uning ham chumchuq otib o‘ldiradigani bor, odamni ham qattiq zararlaydigani bor. Ana shu masala ham qonunda belgilab berildi. Masalan, har bir pnevmatik miltiqni otish kuchi joulda o‘lchanadi, otish kuchiga qarab uni ham hisobga qo‘yish kerak. Endi pnevmatik miltiq egasi milliy gvardiyaga borib ruxsat olib, ovchilik jamiyatiga a'zo bo‘lishi lozim.

— Demak, sport tovarda sotilayotgan pnevmatik qurollarga ham talab qat'iylashtirildi.
— Ha, mana shularning otish kuchi 25 jouldan yuqori bo‘lsa, hammasi borib ov quroli uchun hisobda turishi kerak.
— Bu avval bo‘lmaganmi?
— Yo‘q. Albatta, bu aholimizga ba'zi bir qiyinchiliklarni tug‘diradi. Shunga qaramay, endi mana tartibga solinadi. Qonun davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangandan keyin, u kuchga kirishi kutilmoqda.

— Senatorlar tomonidan ma'qullangan qonunda sovuq qurol va qurollarning turlariga ham tavsif berilgan. Bu kelgusida jamiyat hayotidagi qanaqa masalalarni yechishi mumkin?
— Sovuq qurol degan tushuncha ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Bilasizmi, ikki holatni oldimizga qo‘yishimiz kerak:
Birinchi holatda bu qasddan odam o‘ldirish, yoki tan jarohati yetkazish. Qasddan — bilib turib. Bunaqa inson o‘zi uchun qurol tanlab oladi. Asosan, sovuq qurol turkumiga xanjar, ovchilarning tig‘li pichog‘i kiradi. Mana bular ham hozir ovchilik jamiyatida hisobga qo‘yilishi kerak. Shuningdek, knopka bosganda chiqadigan pichoq, qilich — bular sovuq qurolga kiradi.
Oshxona pichoqlari, milliy pichoqlarimiz esa kirmaydi. Chunki, haqiqatan, bu bizning milliy ko‘rinishimiz. Kimki, agar buni noto‘g‘ri ishlatib, g‘ayriqonuniy ish qiladigan bo‘lsa, qonun oldida javob beradi. Hamma narsani «yo‘q, bu kesarkan» deb, uni qonun bilan tirkab bo‘lmaydi, buning foydasi yo‘q. Qonun qancha to‘sqinlik qilsa, korrupsiya shuncha ko‘payadi. Shuning uchun, biz oshxona pichoqlarini, milliy pichoqlarni olib tashladik.
— Asosiy yana bitta savol, hozir muhokamaning o‘rtasida ko‘p yangrayotgan: jismoniy shaxs, fuqaro magazindan qurollarni sotib olishi, o‘zi bilan olib yurishi, fuqaroviy himoya maqsadida foydalanishi mumkinmi?
— Yo‘q, mumkin emas. Do‘konda qurol bor. Bu faqat ovchilik quroli — ov uchun ishlatiladigan qurol. Buni sotib olish va ishlatish tartibi qat'iy belgilangan.
— Mana shu tartiblar orasida ovchi ov qurolini boshqa maqsadda foydalansa, misol uchun, ovdan tashqari holatda olib yurganligi va boshqalar qonunda nazarda tutilganmi?
— Albatta, har bir ovchining qadami hisob kitob qilib qo‘yilgan. Har bir qadami. «Ov to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mana shunda ta'kidlanyaptiki, qaysi hayvonlarga qay vaqtda ov qilish mumkin, belgilanadi. Deylik, 1 fevral yoki 1 martda ov mavsumi yopildi. Ovchining birinchi ishi miltig‘ini moylab, tozalab, keyin seyfga qo‘yishi kerak. Keyingi ov mavsumi boshlanguncha. uni olib yurishga haqqi yo‘q.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Mavzuga oid
13:37 / 17.05.2025
Ukraina xorijdan qurol xaridlarida 770 mln yo‘qotdi
18:28 / 15.05.2025
Britaniya va Germaniya hamkorlikda yangi qurol yaratadi
10:19 / 17.04.2025
Zelenskiy: frontdagi qurollarning 40 foizidan ortig‘i Ukrainada ishlab chiqarilgan
11:50 / 15.04.2025