Sport | 10:20 / 07.07.2019
15594
3 daqiqa o‘qiladi

Lionel Messi: «Korrupsiya va hakam Argentinaga finalga chiqishga yo‘l bermadi»

Argentina milliy jamoasi yetakchisi Lionel Messi Amerika Kubogining bronza medali bilan taqdirlash marosimida qatnashmadi.

O‘yindan keyin u bu qarorini quyidagicha izohladi.

«Men podiumga bormadim, chunki biz korrupsiyaning bir qismiga aylanib qolmasligimiz kerak. Butun turnir davomida Argentinaga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatildi. Biz bundan ko‘prog‘iga loyiq edik, ammo bizga finalga chiqishga yo‘l qo‘yishmadi.

Bronza uchun bo‘lgan o‘yin ham, xuddi Braziliyaga qarshi kechgan uchrashuv kabi, bizning eng yaxshi o‘yinlarimizdan biri bo‘ldi. Qaytaraman, korrupsiya va hakamlar futbolni buzib qo‘ydi va muxlislarni undan zavq olish imkonidan mahrum etdi», – deya Messining so‘zlarini keltirdi Argentina milliy jamoasi matbuot xizmati.

Leo, shuningdek, bronza uchun Chiliga qarshi kechgan o‘yinning (2:1) 37-daqiqasida raqib yarimhimoyachisi Gari Medel bilan kelisha olmay qolganiga ham izoh berib o‘tdi. Bu holat uchun ularning har ikkisiga ham qizil kartochka ko‘rsatilgan edi.

«Qizil kartochka? Ikkalamizga ham «sariq» ko‘rsatish yetarli bo‘lardi. Muhimi, jamoamiz musobaqani yaxshi yakunladi. Hakamlar o‘sha epizodni baribir diqqatliroq bo‘lib qayta ko‘rib chiqishlari kerak, deb o‘ylayman.

Turnir biz uchun yakunlandi va biz uni boshimizni tik tutgancha tark etyapmiz. Men bor kuchini berib o‘ynagan jamoam bilan faxrlanaman. Erishganlarimizga haqqoniy baho berishadi, deb umid qilaman. Jamoa xarakter ko‘rsatib, musobaqani ijobiy notada yakunlay oldi», – dedi Lionel Messi.

Argentinaliklar sardoridan jamoa bosh murabbiyi Lionel Skaloni borasida ham fikr bildirishni so‘rashdi.

«Skaloni? U ham butun jamoa bilan birga o‘sib bordi. Turnir yakuniga borgan sayin biz kerakli darajadagi uyg‘unlik va yaxshi o‘yin ritmini topib oldik», – deb javob qildi u.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid