Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryo oliy o‘quv yurtlarida qabul: Ulkan navbatlar sababi DTM serveridagi muammo
Ayni paytda yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida abituriyentlardan test sinovlariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Kun.uz muxbiri Qarshi shahridagi oliygohlarda qabul jarayoni qay tarzda tashkil etilgani masalasi bilan qiziqdi.

Qarshi davlat universitetiga hujjat topshiraman, degan odam ko‘p. Birinchi navbatga kassa oldida duch keldik. Maktab va kollejlarni avvalgi yillarda bitirganlar yarim minimal ish haqi to‘lov qilish uchun kassaga navbatda turishibdi.

Qabul jarayoni uchun auditoriyalar ajratilgan. Talabalar tashqaridan hujjatni uzatishmoqda. Qabul uchun ajratilgan auditoriyalar derazalari tashqi tomonida yoshlarning kichik-kichik navbatlari hosil bo‘lgan.



Qarshi davlat universiteti qabul komissiyasi mas'ul kotibi Rashid Jumayevning aytishicha, navbatlar hosil bo‘lishiga 70dan ziyod operator ishlab turganiga qaramasdan DTMning qabul bazasi tinimsiz «tashlab yuborayotgani» bosh sabab bo‘lmoqda. «Baza soatlab ishlamay qolmoqda. DTM serveridagi portlarning yetishmasligi joylarda juda katta muammo keltirib chiqarmoqda», deyishdi ular. Ma'lum bo‘lishicha, serverga butun respublika bo‘ylab kiritilayotgan ma'lumotlar qatorlashib, qayta ishlashga ulgurmay qolinmoqda ekan.

Kassalardagi navbatlarni ham QarshiDUdagi mutasaddilar shunga bog‘lashdi. «Baza o‘z vaqtida tayinli ishlamaganidan so‘ng kvitansiyalar chiqarishda ham muammo kuzatiladi-da», deyishdi ular.

Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida universitet hududidagi sayyor kassalar shanba-yakshanba kunlari ham faoliyat ko‘rsatib turibdi. «Shanba kuni 2193ta hujjat ro‘yxatdan o‘tkazgan edik, yakshanba kuni bor-yo‘g‘i 256ta hujjat qabul qildik. Ko‘pchilik yakshanba kuni ham ishlayotganimizni bilmagan», dedi R.Jumayev.


«Qabul tugashiga bir haftacha vaqt qoldi. Sodir bo‘layotgan texnik nosozliklar bizni juda cho‘chitmoqda. Shuning uchun ish vaqtini ertalab soat 7:30dan kechki soat 20:00gacha qilib o‘zgartirdik. Kerak bo‘lsa 22:00largacha ishni uzaytiramiz. Birorta abituriyentning hujjatini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qaytarish niyatimiz yo‘q», deyishdi universitet mas'ullari.
«Nega abituriyentlar operator yonida emas, tashqari derazadan hujjat uzatishmoqda?» degan savolimizga quyidagicha javob oldik: «Siz ko‘rgan holat ertalab soat 8dan soat 12gacha server ishlamaganidan so‘ng ichkarida odam to‘planib ketgani tufayli majburiy tarzda qo‘llangan chora. Bungacha hamma vaqt abituriyentlar ichkariga kirib, operator yonida o‘tirib, hujjatni qayddan o‘tkazishayotgan edi».

Shuningdek, TATUning Qarshi filiali, Muhandislik iqtisodiyoti institutining ayrim abituriyentlari ham qulay bo‘lgani uchun QarshiDUda hujjat topshirayotgani ham navbatlarning ko‘payishiga sabab bo‘layotganini aytib o‘tishdi.

TATU Qarshi filialida hujjat topshiruvchi kamligigami, amalda hech qanday navbatga ko‘z tushmadi. Faqat abituriyentlardan biri qariyb 5 soatdan buyon kutayotgani, orada uch soatcha chiroq o‘chgani, keyin kompyuter risoladagidek ishlamayotganini bildirdi.

TATU Qarshi filiali qabul komissiyasining mas'ul kotibi Shamil Rustamovning aytishicha, kuniga 70-80 nafargacha abituriyent hujjati qabul qilib kelinayotgan ekan. Dushanba kundan hujjat topshirganlar soni 300 nafarga yetgan.

Bankka to‘lov o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim muammolar bankning o‘z tizimi bilan bog‘liqligi e'tirof etildi. Shanba-yakshanba kunlari kassalar faoliyat ko‘rsatmayotgani bois, o‘sha kunlar faqat 2019 yilda bitirganlarning hujjatlari qabul qilinmoqda ekan.

Abituriyentlar uchun e'lonlar doskasi, ota-onalarning kutishi va hordiq chiqarishi uchun sharoitlar yaratilgan.

Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti qabul komissiyasining mas'ul kotibi Muysin Aliqulov shu kungacha qabulda bu qadar navbat kuzatilmaganini aytib, dushanbadan birdan odam ko‘payganini litseylar, kollejlar va maktablarda attestat va diplomlar kechroq taqdim etilgani bilan bog‘ladi va oliy ta'lim vazirligining bu boradagi xatiga ham ishora qildi. Buni shu yil o‘quv dargohini bitirgan ayrim abituriyentlar ham tasdiqlashdi.

«Tushdan keyin deyarli odam bo‘lmasdi shu kungacha, bugun sizlar kelishingizga xuddi ataylab qilinganidek, odamni qarang», deydi M.Aliqulov


Institutda avvalgi yillar maktabni bitirgan abituriyentlarga bank to‘lov kvitansiyasini chiqarib berish uchun atayin to‘rt nafar xodim jalb etilgan. Institut hududidagi «Turonbank»ning sayyor kassasi to‘lovlarni qabul qilish uchun shanba-yakshanba kunlari ham ishlab turibdi.


Qarshidagi har uchala oliy o‘quv dargohida tegishlicha sirtqi va kechki bo‘limlarga ham hujjatlar qayddan o‘tkazilmoqda.

Bu yilgi qabul jarayoni borasida TATU Qarshi filiali direktori Odilbek Turg‘unov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
«Qabul masalasida kuzatilayotgan texnik nosozliklarni bartaraf etish uchun zudlik bilan DTM serverlarning yo quvvatini oshirish kerak, yo sonini ko‘paytirish kerak va hududlarga qarab bo‘lib berishi kerak. Aytaylik, Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqandniki bitta datasentrda yig‘iladi, Buxoro va Navoiyniki o‘zida yig‘iladi, yig‘ilib yig‘ilib, kunning oxirida Toshkentda tranzaksiya bo‘ladi. Kun bo‘yi ma'lumotlarni olib tuni bilan sinxronizatsiyalash ham mumkin. Elementar yechim. Albatta, juda katta ish qilingan, biroq to‘liq tayyor emas hamma narsa. Ilojimiz yo‘q, chidaymiz. Orqaga chekinish yo‘q. Ota-onalarning ko‘zida OTMlar aybdordek bo‘lib qolayotgani biroz alam qilyapti, xolos.
Siz kelganingizdan foydalanib, xalqqa yordam bo‘lishi uchun bitta jihatni bildirib o‘tmoqchiman. O‘rta maktab va kollej-litseylarni avvalgi yil bitirganlar kvitansiyani to‘lab keyin qabul komissiyasiga kelishsa ishlarimiz 80 foizga yengillashardi: pay.dtm.uz manzili bo‘yicha to‘lov kvitansiyasini chiqarib olib, istalgan bankda to‘lovni amalga oshirish mumkin. Click kabi tizimlardan ham to‘lansa bo‘ladi. Bizga faqat to‘lovning maxsus kodi kerak.
Joriy hujjat qabul qabul qilish tizimining afzalliklari juda katta. Adolatlilik, shaffoflik yuzaga chiqdi, bilimli bolalar kirishi ko‘paydi. O‘tgan yili 1-kursga qabul qilingan talabalarning bilimida farq bor. Xullas, yangi tizim joriy etilishi odamlarga elementar IT bilimlar ko‘nikmasiga ega bo‘lish majburiyatini ham yuklaydi», — dedi O.Turg‘unov.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
15:27 / 15.04.2025
Qashqadaryoda YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan haydovchi qamoqqa olindi
17:18 / 08.02.2025
“Sen qulsan” – Kosonda kelinini muntazam xo‘rlab kelgan qaynota va qaynona hamda ularning o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilindi
10:03 / 01.01.2025
1 yanvardan kambag‘al oilalar farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilinadi
11:02 / 15.12.2024