O‘zbekiston | 10:30 / 10.07.2019
5666
4 daqiqa o‘qiladi

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini qanday yutib olish mumkin?

Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish uchun elektron auksion o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 iyuldan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan aniqlangan noruda foydali qazilmalar konlari, 2020 yil 1 yanvardan barcha “noruda” uchastkalari bo‘yicha litsenziyalar “Ye-IJRO AUKSION” elektron auksion yakunlari asosida beriladi. Biroq, hujjat ikkita istisnoni o‘z ichiga olgan:

• litsenziyalar Davlat geologiya qo‘mitasining investitsiya loyihalari doirasida tuzilgan bitimlar bo‘yicha, shuningdek Davlat geologiya qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan tuzilgan uch tomonlama kelishuvga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida berilishi mumkin;
• yer qa'rini geologik o‘rganishga oid ishlarni moliyalashtirgan yer qa'ridan foydalanuvchilar aniqlangan kon bo‘yicha foydali qazilmalar zaxiralari tasdiqlangan sanadan boshlab 1 yil mobaynida litsenziyalar olish uchun mutlaq huquqqa ega bo‘ladilar.
 
Onlayn-auksionlar orqali realizatsiya qilinadigan yer qa'ri uchastkalari ro‘yxati har yili 1 fevralgacha tasdiqlanadi. Shundan keyin 5 kun muddatda har bir uchastka bo‘yicha ma'lumotlar tayyorlanadi va 1 kun ichida foydalanish huquqini auksionga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Axborot va auksionda ishtirok etish uchun zarur hujjatlar Davlat geologiya qo‘mitasi saytida e'lon qilinadi.
 
Auksionni o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnoma va lot haqidagi axborot auksion boshlanishidan avval 10 ish kunidan kechiktirmasdan operatorning portalida joylashtiriladi. Auksion ikki va undan ortiq ishtirokchi qatnashganda o‘tkaziladi. Auksion ish kuni mobaynida 9.00 dan 18.00 gacha o‘tkaziladi, auksion o‘tkazish vaqti 3 soatdan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.
 
Ishtirok etish uchun ERI bilan tasdiqlangan ariza berish va obekt boshlang‘ich narxining 5%i miqdorida zakalat pulini to‘lash zarur. Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qo‘yishning boshlang‘ich narxi -EKIHning 36 baravari. Auksion narxlarni oshirib borish prinsipi bo‘yicha o‘tkaziladi, auksion bosqichi – 5%dan kam bo‘lmagan miqdorda.
 
Lot narxi bo‘yicha oxirgi taklifni soat 21.00 ga qadar bildirgan ishtirokchi auksion g‘olibi deb topiladi. U auksion yakunlangan kundan boshlab 5 kundan kechiktirmay operatorning hisob raqamiga to‘lovni amalga oshirishi lozim (ilgari to‘langan zakalat puli hisobga olinadi). Bundan tashqari, operatorning auksionni tashkil etish bo‘yicha xizmatlari haqi to‘lanadi.  Summa shartnoma tartibida belgilanadi, biroq lot boshlang‘ich qiymatining 1%idan oshmasligi lozim.
 
Operator to‘liq to‘lovni olib, 1 kun mobaynida uni Davlat geologiya qo‘mitasiga o‘tkazadi va auksion natijalari haqidagi bayonnomani maxsus blankada rasmiylashtiradi hamda muhri bilan tasdiqlaydi. Mazkur hujjat quyidagilar uchun asos hisoblanadi:

• auksion g‘olibiga tegishli yer qa'ri uchastkasi bo‘yicha geologik va boshqa ma'lumotlar to‘plamini berish;
• Davlat geologiya qo‘mitasiga - auksion g‘olibiga tegishli litsenziya rasmiylashtirish;
• tegishli tuman (shahar) hokimligiga - auksion g‘olibiga yer uchastkasini ajratish haqidagi qarorni qabul qilish.
 
Auksion g‘olibi 3 kunlik muddatda yer qa'ri uchastkasidan foydalanish shartlarini imzolaydi, shundan keyin 2 kun ichida litsenziya oladi.
 
Hujjat 5.07.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid