O‘zbekiston | 20:29 / 11.07.2019
29929
5 daqiqa o‘qiladi

Endi O‘zbekistonda tuman (shahar) hokimlari partiya a'zosi ham, deputat ham bo‘lmaydi

O‘zbekistonda tuman (shahar) hokimlarining xalq deputatlari mahalliy kengashlari raisi maqomi tez orada bekor qilinadi. Bu haqda bugun, 11 iyul kuni Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi a'zolari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Endi hokim partiya a'zosi ham, deputat ham bo‘lmaydi, saylovga aralashmaydi. Shu bilan birgalikda, deputatlikka nomzodini qo‘yayotgan odam: «Men saylovda yutib chiqsam, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro hokimiyatidan chiqib ketaman», mazmunida tilxat yozib beradi. Ko‘p chig‘iriqlardan o‘tadi. Davlat tashkiloti vakillari deputat bo‘lolmaydi», – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati

Madumarovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi mavjud 213 ta tuman (shahar) kengashlari deputatlarining o‘rtacha 30 foizi oylik maosh, avtomashina va alohida xona bilan ta'minlanadi. Shu tariqa, jami 1500dan ortiq kengash deputatlari ishli bo‘ladi.

«Kengash raisi joyida o‘tirib, faqat ishlaydi, bir soat ham bo‘sh turmaydi. Har olti oyda muntazam malaka oshirib boradi. Tuman (shahar)dagi to‘rtala sektor rahbarlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularni eshitadi, aholi muammolari yuzasidan bajarayotgan ishlarini tahlil qiladi. Buni quyidagi Senat, desa ham bo‘laveradi», – deb ta'kidladi senator.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni o‘zgarishlarni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlab bo‘lingan.

«Partiyalardagi guruhlar ham deputatlarga hamohang bo‘lib ishlashadi. Shu yil bo‘lib o‘tadigan saylovda respublikadagi 6315 nafar tuman (shahar) deputatlari qayta saylanib, loyiqlari saralanadi. Ushbu qonun loyihasi tayyorlanib, Adliya vazirligiga kiritilgan. Saylovga qadar prezidentimiz tomonidan imzolanishi kutilmoqda», – dedi Tolibjon Madumarov.

Ma'lum qilinishicha, viloyat, tuman (shahar) hokimlarining xalq deputatlari kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish masalasini o‘rganish yuzasidan Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan alohida ishchi guruh tuzilgan. Mazkur ishchi guruh va Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan hokimlarning xalq deputatlari mahalliy kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi va Oliy Majlis palatalari kengashlarining uni tasdiqlash bo‘yicha qo‘shma qarori qabul qilingan.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati

Qayd etilishicha, shu yilning birinchi yarmida Komissiya tomonidan o‘tkazilgan 4 ta majlisda 12 ta masala muhokama qilingan. Senatning yalpi majlislarida esa Qashqadaryo, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hokimlarining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyati haqidagi hisobotlari eshitilgan.

«Bu esa mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, ularni muhokama qilish va bartaraf etishning samarali chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini yaratdi. Bunda  asosan joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, aholini elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta'minlash, ichki yo‘llarni ta'mirlash kabi holatlarga alohida e'tibor qaratildi. Komissiya tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligining xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama qilinishi amaliyoti monitoring asosida o‘rganildi», – deb qayd etildi matbuot anjumanida.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati

Anjumanda, shuningdek, kelgusidagi rejalar haqida ham so‘z yuritildi.  Xususan, Komissiya tomonidan hududlarni rivojlantirish hamda mahalliy kengashlar faoliyati yuzasidan Xorazm, Namangan, Navoiy viloyatlari hokimlarining hisobotlarini eshitish, «Hokimlarning xalq deputatlari mahalliy kengashlari raisi maqomining bekor qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va jamoatchilik orasida keng muhokama qilish kabi tadbirlar belgilanganligi qayd etildi.

Mavzuga oid