Light | 15:38 / 11.07.2019
29111
6 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Istanbulning yangi mega-aeroportiga sayohat!

Joriy yilning aprel oyida Istanbulda dunyoning eng ulkan va zamonaviy aeroportiga aylanishi kutilayotgan yangi aeroport ish boshladi. U o‘zining haybati, bejirim dizayni va kengligi bilan birinchi daqiqalardanoq hayratga sola boshlaydi. KUN.UZ muxbiri mazkur aeroportga tashrif buyurib, maxsus reportaj tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi.

Quyida siz yangi aeroportning suratlarini tomosha qilgan holda, obekt haqidagi 5ta qiziqarli faktni bilib olishingiz mumkin.

 1. Qurilish bosqichi va jarayoni

Turkiya hukumati 2013 yilda yangi aeroport qurilishiga tender e'lon qilgan edi. Natijalarga ko‘ra, IGA konserni boshqaruvni qo‘lga kiritdi.

Manba: 12fly.com.my

Loyiha qurilishi to‘rt bosqichdan iborat bo‘lib, u 2023 yilda to‘liq bitishi kutilmoqda. Birinchi bosqich qurilishi 2018 yilning oktabr oyida nihoyasiga yetgan edi. 

Manba: 12fly.com.my

Investorlar va hamkorlar mazkur loyihaga 11 mlrd. yevro ajratishgani haqida xabar mavjud. Qurilish yakuniga qadar investitsiya qiymati 22 mlrd. yevroga yetishi mumkin.

Yangi aeroport dizaynini britaniyalik Skott Brauning yaratdi. Bino intererida islom va turk san'atiga xos naqsh va ornamentlardan foydalanilgan.

2. Aeroport tuzilishi

Yangi Istanbul aeroporti shahar markazidan shimoli-g‘arbda 35 km.da, Arnavutkyoy provinsiyasida joylashgan. U birgina ulkan terminaldan iborat bo‘lib, 5 blok hamda 114 geytdan iborat.  

A, B, D, F — xalqaro reyslar, G — mahalliy reyslar uchun mo‘ljallangan.

Qurilish ishlari yakunlangach, yangi aeroportning umumiy maydoni 76,5 mln metr kvadratni tashkil etadi. Bino tomi esa  — 461 000 kv.m. bo‘lib, bu 58 futbol maydoni hajmi bilan teng degani.

Aeroportning barcha bo‘linmasi ishga tushirilgach, u barcha raqobatchilaridan kattaligi jihatdan o‘zib ketishi kutilmoqda. Tasavvur qiling, u yaqindagina qurilgan Pekin aeroportidan (maydoni 23 mln kvadrat metr) 3,5 barobar katta bo‘ladi.

3. Yaratilgan shart-sharoitlar

Bu yerda sayyohlarning dam olishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Bosh terminalda Duty Free do‘konlarining maydoni – 55 000 kv. metr bo‘lib, u yerda jahon brendlarining eng sara mahsulotlarini topish mumkin. Ayrim mahsulotlar chegirma asosida ham sotuvga qo‘yilgan.  

Shuningdek, turklarning milliy brendlari, lyuks toifadagi do‘konlar, turk milliy mahsulotlari, liboslari, zargarlik buyumlari, shirinliklarini xarid qilish mumkin bo‘lgan bozorni ham topish mumkin.

Endilikda avvalgidek, yeguliklar xarid qilish uchun uzoq navbatda turilmaydi. Sababi, kafe va restoranlarga jami 32 000 kv. metr maydon ajratilgan. To‘g‘ri, aeroport hududida hozirgi vaqtda hali barcha restoranlar ishga tushib ulgurmagan bo‘lsa-da, qurilish yakuniga qadar ko‘plab brendlar ish boshlashi kutilmoqda.

Aeroportda yam-yashil hudud mavjud. Dizaynerlar bino qiyofasiga zamonaviylik bilan bir qatorda eko-tabiat uslubida ham yondoshishgan. Hududda 5 millionga yaqin daraxt ekilgan.

 

4. Avvalgi Otaturk aeroportidan farqi

Yo‘lovchilar va mahalliy aholining fikriga ko‘ra, yangi aeroport eskisiga nisbatan ancha qulay, yorug‘roq va shinam. Otaturk aeroporti so‘nggi 15 yil ichida yo‘lovchilar oqimining ko‘pligi, tinimsiz qatnovlar, tirbandliklar sababli reytingi juda ham pasayib ketgan edi. Unda bor-yo‘g‘i 41 geyt mavjud edi. Shuningdek, chegara nazoratidan o‘tish uchun 2-3 soatgacha vaqt yo‘qotish mumkin bo‘lardi.

Tor do‘konlar, kafelardagi navbatning uzunligi, kutish zalida o‘rindiqlar yetishmasligi, biznes-launjdagi uzoq kutishlar Otaturk aeroporti yo‘lovchilari orasida noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Endilikda, yangi aeroport yiliga 90 mln. kishini qabul qila oladi. Yaqin kelajakda esa bu ko‘rsatkich 200 mln.ga yetishi mumkin.

5. Aeroportda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kichik muammolar   

Agarda siz Istanbul aeroportiga ilk marotaba tashrif buyurgan yoki tranzit orqali boshqa davlatga uchayotgan bo‘lsangiz, chiptada belgilangan geytni tekshirishingizni tavsiya qilaman. Sababi, aeroport shu qadar ulkanki, siz bir burchakdan ikkinchisiga borguningizga qadar 40 daqiqa vaqt ketishini sezmay qolasiz.

Shuningdek, yana bir qiziq jihat, aeroport ichidagi xodimlarning deyarli ko‘p qismi ingliz tilini yaxshi bilmaydi. Ular ko‘proq turk tilida muloqot qiladi. Shu sababli, vaqtni zoye ketkazmay, belgilangan manzilga ko‘rsatkichlar orqali tezroq yetib oling.

Yana bir noqulaylik: aeroportda bepul WI-FI topish amri mahol. Aeroportning rasmiy internet provayderi sizdan raqamingizni kiritib, ro‘yxatdan o‘tishingizni talab qiladi. Tabiiyki, agarda turk mobil raqamingiz bo‘lmasa, Wi-Fi’ga ulana olmaysiz. Agarda internet juda ham zarur bo‘lsa,”Starbaks” kafesidan bir piyola qahva olib, bepul internetdan bemalol foydalanishingiz mumkin.

Nima bo‘lganida ham, mazkur aeroport o‘zining kattaligi bilan har qanday yo‘lovchini o‘ziga rom eta oladi. Unda siz o‘zingizni mitti odamchalardek his etasiz. Muhimi, belgilangan geyt eshigiga kech qolmang!

Safaringiz xayrli bo‘lsin!

Feruza Avazova tayyorladi

Mavzuga oid