O‘zbekiston | 22:00 / 12.07.2019
50711
6 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir yig‘ilishi bayoni: DTMni sudda yutib chiqqan abituriyent talaba bo‘ldi, bir talaba kontraktdan davlat grantiga o‘tdi

5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri, ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga raislik qiluvchi Abdulla Aripov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2019-2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi 4359-sonli qaroridan kelib chiqadigan vazifalar va respublika oliy ta'lim muassasalariga qabulni yuqori darajada tashkil etish, oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha me'yoriy hujjatlarni tasdiqlash va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Davlat komissiyasining 1-sonli bayoniga ko‘ra, 2018 yil yozida abituriyent sifatida hujjat topshirib, Davlat test markazi xatosi tufayli talabaga aylana olmagan Davron Tursunov hamda 2018 yil yozida test sinovlaridan o‘tib, lekin DTM xatosi tufayli budjet asosida emas, to‘lov-kontrakt asosida talaba sifatida qabul qilingan Kamola Botirovaning natijalari bekor qilinib, ularning ikkisiga ham istisno tariqasida davlat granti bo‘yicha o‘qish huquqi berilgan.

«Toshkent shahar Yunusobod tumani ma'muriy sudining 2019 yil 18 fevraldagi 3-1004-1802/5950-son ma'muriy ishi bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2018 yil 13 avgustdagi 5-son bayoni qarori bilan abituriyent Tursunov Davron Ulug‘bek o‘g‘lining Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 5510108 - Davolash ishi (Jizzax) ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tasdiqlangan test sinovlari natijalari bekor qilinsin, mazkur abituriyentning  test sinovlari bo‘yicha natijasi 139,5 ball (davlat granti bo‘yicha o‘tish bali 138,8 ball) deb hisoblansin.

Bunda, abituriyent Tursunov Davron Ulug‘bek o‘g‘liga istisno tariqasida, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 5510108 — Davolash ishi (Jizzax) ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga kirish huquqi berilsin», deyiladi bayonda.

Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasida kontrakt to‘lovi asosida tahsil olayotgan talaba Kamola Botirova davlat granti asosida o‘qishni davom ettiradigan bo‘lgan.

«Toshkent shahar Yunusobod tumani ma'muriy sudining 2019 yil 23 apreldagi 3-1004-1902/93b-son ma'myriy ishi bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2018 yil 17 avgustdagi 6-son bayoni qarori bilan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent Botirova Kamola Ikrom qizining Toshkent tibbiyot akademiyasi 5111003-Kasb ta'limi: tibbiy pedagogik ish ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlari natijalari bekor qilinsin, mazkur abituriyent natijasi 177,5 ball (davlat granti bo‘yicha o‘tish balli 175,2 ball) deb hisoblansin.

Bunda, talaba Botirova Kamola Ikrom qiziga istisno tariqasida Toshkent tibbiyot akademiyasi 5111003-Kasb ta'limi: tibbiy pedagogik ish ta'lim yo‘nalishiga 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab qo‘shimcha davlat granti asosida ta'lim olishini davom ettirish huquqi berilsin hamda Botirova Kamola Ikrom qizining 2019/2020 o‘quv yili o‘quv yili uchun to‘lagan 10 136 500 so‘m (o‘n million bir yuz o‘ttiz olti ming besh yuz) so‘m to‘lov-kontrakt summasi Toshkent tibbiyot akademiyasining buxgalteriyasi tomonidan unga qaytarilishi ta'minlansin», deyiladi bayonda.

Qayd etish kerakki, Kun.uz saytida Davlat test markazini sudga bergan abituriyent Davron Tursunov va talaba Kamola Botirova ishlari yoritilgandi. 

Davron Tursunov 2018 yilning yozida Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga hujjat topshirib, avgust oyida imtihonga kirgandi. U sinov natijalari bo‘yicha kirish bali yetarli bo‘lmagani sababli talabalikka qabul qilinmagandi. 

Shundan so‘ng, u Davlat test markazining apellyatsiya komissiyasiga shikoyat bilan murojaat qilgan. Davron Tursunov savollar kitobining biologiya fani bo‘yicha berilgan 57-savoli yuzasidan e'tiroz bildirgandi. 

Keyinchalik Yunusobod tuman ma'muriy sudiga murojaat qilib Davlat test markazini sudda yutib chiqqandi. Lekin sud qarorini ijro etish bilan bog‘liq jarayonlardagi huquqiy kamchiliklar, o‘quv yilining yarmidan ko‘prog‘i o‘tib ketgani va boshqa vajlar bilan Davron Tursunovning Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabalari qatoriga qo‘shilishi paysalga solinayotgandi.

Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasida kontrakt to‘lovi asosida tahsil olayotgan talaba Kamola Botirova oliygohga davlat granti asosida qabul qilinishiga to‘siq bo‘lgan xatolik tufayli Davlat test markazini sudga berib, unda yutib chiqqandi.

Yunusobod tuman ma'muriy sudiga alohida tashakkurimizni aytamiz va boshqa sudlar ham ulardan o‘rnak olib, ishlarni vijdonan, adolatli va xolis ko‘rishlarini tilab qolamiz.

Hurmatli abituriyentlar! Agar sizda ham shunga o‘xshash holatlar yuzaga kelsa, ikkilanmay sudga murojaat qiling. Mehnatingiz natijasi uchun oxirigacha kurashing. Yuqoridagi kurashdan o‘zingizga tegishli xulosa chiqaring.

Zafarbek Solijonov jurnalist

Mavzuga oid