Jamiyat | 17:08 / 12.07.2019
24403
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandning tarixiy qismida noqonuniy qurilishlar davom etmoqda: endi «GOM»ni buzib, «dom» ko‘tarishmoqda

Samarqand shahrining YuNeSKO ro‘yxatidagi tarixiy qismi bufer zonasida — Otaturk ko‘chasi 13-uyda joylashgan 3-sonli shahar militsiya bo‘linmasi binosi buzib tashlanib, o‘rnida navbatdagi noqonuniy qurilish boshlab yuborilgan. Bu haqda samarqandlik mustaqil bloger Mirzo Subhonov Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

«Respublika darajasidagi amaldorlar, shuningdek viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan Samarqand shahrining tarixiy qismidagi barcha qurilishlar to‘xtatilgani borasida berilayotgan rasmiy bayonotlarga qaramasdan, mazkur hududdagi noqonuniy qurilishlar to‘xtamayotganini alohida aytib o‘tish zarur», deb yozadi bloger.

Samarqand viloyat IIB qoshidagi moliya va moddiy texnika boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik A.Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 15 fevralida viloyat IIBning o‘sha paytdagi boshlig‘i, hozirda ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgan Aziz Toshpo‘latov Samarqand viloyat hokimligiga murojaat bilan chiqqan. Bu murojaatda Samarqand shahar IIBga qarashli 3-sonli ichki ishlar bo‘linmasining yonida ko‘p qavatli yashash xonadoni qurilayotgani tufayli ma'muriy bino xizmat olib borish uchun yaroqsiz holatga kelib qolgani bildirilgan. Shuning uchun ushbu binoni Samarqand shahar Tipografiya ko‘chasi 8-uyda joylashgan, muqaddam Samarqand shahar MIB tasarrufida bo‘lgan bino bilan almashtirishga rozilik so‘ralgan va taklif viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan.

Ammo, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.Maxmaraimovning bergan rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Otaturk ko‘chasi 13-uyda joylashgan «3-sonli shahar militsiya bo‘linma»si mamuriy binosi kadastr hujjatlariga asosan Samarqand viloyat IIBga tegishli va Samaqand viloyat hokimligi balansiga o‘tkazilmagan. Hozirgi kunda ushbu militsiya bo‘linmasi binosi noqonuniy buzilib, yo‘q qilingani sababli uni viloyat hokimligi balansiga olishga imkon yo‘qligi ham aytib o‘tildi. 

Samarqand shahrining tarixiy qismida joylashgan, viloyat IIB tasarrufidagi davlat mulkining buzib, yo‘q qilingani va uning joyida navbatdagi noqonuniy qurilish boshlab yuborilgani holati Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilib, rasmiy munosabat bildirilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Mavzuga oid