Jamiyat | 18:47 / 16.07.2019
4891
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon IIB tomonidan «Namunali hudud» tajribasi amalga oshirilmoqda 

Andijon ichki ishlar boshqarmasi viloyat tuman va shaharlarida “Namunali hudud” tajribasi doirasida qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

15 iyul kuni Qo‘rg‘ontepa tumanidagi musiqa va san'at maktabi zalida Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlari va Xonobod shahri IIBlari ma'muriy nazoratida turuvchi, ilgari sudlangan shaxslar bilan umumiy profilaktik tadbir o‘tkazildi. Unda mutaxassis psixologlar hamda yuqoridagi shahar tumanlari ichki ishlari mas'ul xodimlari 212 nafar ilgari sudlangan shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib bordilar.

Tadbir davomida o‘tkazilgan sayyor sud jarayonida O‘zbekiston Respublikasining “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma'muriy nazorat to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 17 nafar muqaddam sudlangan shaxslar ustidan ma'muriy nazorat o‘rnatilib, cheklovlarini buzgan 3 nafar shaxslarga nisbatan sud tomonidan ma'muriy choralar ko‘rildi.

1 nafar ana shunday fuqaro cheklovga tushib, namunaviy xulq atvorda bo‘lganligi uchun tuman IIB tomonidan unga nisbatan o‘rnatilgan ma'muriy nazoratni tugatish uchun sudga taqdimnoma kiritildi va ushbu taqdimnoma sud tomonidan qanoatlantirilib, ushbu shaxs muddatidan oldin ma'muriy nazoratdan chiqarildi. 

O‘tkazilgan tadbirdan asosiy maqsad ilgari sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishini oldini olishdan iborat bo‘lib, ushbu shaxslarga qonunga hurmat ruhini qaror toptirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyalarini chuqur singdirish bo‘yicha amaliy ko‘mak berildi.

Mavzuga oid