Jamiyat | 18:40 / 24.07.2019
6234
4 daqiqa o‘qiladi

Andijonda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

Joriy yilning 17-19 iyul kunlari “Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari boshqaruv organlari, FVDT hududiy quyi tizimining aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikdagi xarakatlari” mavzusida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda KUN.UZ’ga Andijon viloyati FVB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Matbuot xizmati.

Viloyatning 16 ta shahar va tumanlarida 73 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari, shundan 11 tasi ko‘rgazmali tarzda bo‘lib o‘tdi. Ularda yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning xavf manbasi va omillari kun tartibiga qo‘yildi. Ijtimoiy, iqtisodiy va ishlab chiqarish obektlaridagi yong‘inlarning oldini olish, bartaraf etish, ruxsat etilmagan suv havzalarida cho‘milish va cho‘kish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bosh mavzu bo‘ldi.

Shuningdek, texnogen avariyalar oqibatlarini tugatish, ko‘p sonli jarohatlanishlarda samarali tibbiy yordam ko‘rsatish, kommunal soha tarmoqlaridagi avariya tiklash ishlari, aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikdagi harakatlar amalda sinovdan o‘tkazildi. O‘quv mashqiga 6294 nafar mutaxassis va aholi vakillari hamda 785 ta turli xildagi avtotexnika jalb etildi.

Mahallalarda hamda 13 ta bolalar dam olish va sog‘lomlashtirish oromgohida uchrashuvlar tashkil etilib, “Fuqaro muhofazasi” kunlari o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida 26 ta dehqon va 18 ta buyum bozorida yong‘in xavfsizligi holati o‘rganilib, sanitariya-gigiyena holatining barqarorligi bo‘yicha va epidemiyaga qarshi tadbirlar amalga oshirildi. Tayyorgarlik holatini tekshirish maqsadida 6 ta bozorda maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. 6 ta yopiq va 34 ta ochiq cho‘milish havzasi holati hamda ularda ko‘rilgan xavfsizlik choralari o‘rganib chiqildi.

FVB YoXBning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan 137 ta MFYdagi 411 ta aholi yashash uy-joylarining yong‘in xavfsizligi holati o‘rganildi. Tushuntirish ishlari jarayonida aniqlangan 52 ta salbiy holat joyida bartaraf etildi. Shuningdek, 1642 ta tashkilot va idora, 184 ta ijtimoiy soha obektida havo haroratining keskin isishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani sport maktabi hududida tashkil etilgan HQShO‘M asosiy harakatdagi boshqaruv punktida o‘z faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligining rahbar va kuzatuvchilari Andijon viloyatida sodir bo‘lgan shartli favqulodda vaziyatlar bo‘yicha muhokama yig‘ilishlari o‘tkazib borishdi. Unda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, bartaraf etish choralari hamda amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Mavzuga oid