Jahon | 11:49 / 19.07.2019
23205
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya AES va IESdan «muqobil energetika»ga o‘tmoqda: buning sababi nima?

Foto: Picture Alliance

2019 yilning birinchi yarmida Germaniyada quyosh, shamol, suv va biomassadan olingan energiya AES va IESdan olingan energiyadan ko‘proq bo‘ldi. Bunga qanday erishildi va bu nimani anglatadi?

Lippendorf shahrida EnBW energetika konserni ko‘mir elektrostansiyasi blokini vaqtincha o‘chirdi. Sababi esa juda g‘ayrioddiy: uni bundan buyon uni ishlatish shunchaki befoyda. Is gazi ajralishiga qo‘yilgan kvotalar uchun narxlar oshib bormoqda, qulay ob-havo sharoitida elektr energiyasini muqobil manbalardan ko‘proq olish mumkin. 

Natija uzoq kuttirmadi: olti oy davomida Germaniyada qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ko‘mir va atom elektrostansiyalaridagiga nisbatan ko‘proq energiya ishlab chiqarildi. Quyosh, shamol, biomassa va suv orqali olingan elektr energiyasi ulushi 47,3%ni tashkil etdi.

Ko‘mir va AESlarga 43,4% elektr energiyasi to‘g‘ri keldi, yana 9,3% elektr energiyasi gaz, qolgan 0,4 foiz energiya boshqa manbalardan, xususan neftdan olindi. Fraunxofer nomidagi quyosh-energetika tizimlari instituti ana shunday ma'lumotni taqdim etdi.

Energiya ishlab chiqarishda ko‘mirning ulushi keskin qisqarmoqda

Agora Energiewende analitika markazi xodimi Fabian Xaynning ta'kidlashicha, bu vaziyat ayni payt uchun xos bo‘lib, uning uzoq vaqt shunday bo‘lib qolishi haqida gapirishga hali erta. 2019 yilning birinchi yarmi juda shamolli bo‘ldi: natijada shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan energiya o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20%ga ko‘p bo‘ldi. Quyosh batareyalari yordamida olinadigan energiya miqdori 6%, gazli IESlarda esa 10%ga oshdi.

Ko‘mirli IESlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish qimmatga tushmoqda

Mamlakat umumiy energetikasida atom energiyasining ulushi o‘zgarmadi, ko‘mirning ulushi esa pasaydi. 

Emission kvotalar narxi oshib borayotganligi sababli ko‘mir yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish borgan sari qimmatga tushmoqda. Gazli elektr stansiyalari ham atmosferaga CO2 gazini chiqaradi, ammo bu kam miqdorda bo‘lib, samaraliroq ishlaydi.

Gazli elektr stansiyalari foydaliroq bo‘ldi

Odatda gaz xomashyosi ko‘mirga nisbatan qimmat bo‘ladi. Biroq 2019 yilning birinchi yarmida gaz narxi arzon bo‘ldi, shuning uchun gaz bilan ishlovchi elektr stansiyalari foydaliroq bo‘ldi. 2019 yil 29 iyun holatiga TTF savdo maydonchasida gazning bir megavatt-soati narxi 10 yevro atrofida bo‘ldi, bir yil ilgari u qariyb 20 yevro edi.

Energiya va suv ta'minoti korxonalari federal birlashmasining (BDEW) izohlashicha, gaz narxi tushishiga qishning issiq kelishi sabab bo‘ldi, shuning uchun omborlarda ko‘p gaz qoldi. Bundan tashqari, Yevropada suyultirilgan tabiiy gazni qabul qiladigan bir nechta yangi terminallar ochildi.

Shu bilan birga, quyosh va shamoldan elektr olish hajmining o‘sishi va ko‘mir elektr stansiyalarining quvvati pasayishi atmosferaga is gazining ajralib chiqishi qisqarishiga olib keldi. 

Birlashmaning ta'kidlashicha, Germaniya 2030 yilga kelib mamlakat energetikasida "yashil elektr" ulushini 65%ga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid