O‘zbekiston | 16:59 / 19.07.2019
5050
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ poyezdlarda servis xizmatini oshirish bo‘yicha tur-kompaniyalar bilan muloqot o‘tkazdi

Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ hamda 15 dan ziyod turistik kompaniyalar mutasaddilari ishtirokida sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish masalasida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, yo‘lovchilarga yaratilayotgan qulayliklar hamda kelgusidagi rejalar haqida ma'lumotlar berildi. Jumladan, «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ tomonidan 5 yilga mo‘ljallangan konsepsiya ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yil oxiriga qadar 50 ta yangi, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yo‘lovchi vagonlari sotib olinadi. 2020 yilda esa xorijdan yana 2 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» zamonaviy poyezdi hamda qo‘shimcha 4 ta ekonom klass vagoni olib kelinadi. Ta'kidlanishicha, ayni kunda respublikadagi mavjud vokzallarda, ayniqsa, sayyohlar ko‘p tashrif buyuruvchi qadimiy shaharlar vokzallarida yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bundan tashqari, Xiva vokzalining yonida zamonaviy «Xiva-Lokomotiv» mehmonxonasi qurib foydalanishga topshirildi. Joriy yil sentabr oyigacha ushbu xududda yana ikkita zamonaviy mehmonxonaning qurilishi tugatilib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Muloqot chog‘ida tur-kompaniyalar mutaxassislari o‘zlari duch kelayotgan dolzarb masalalar, chipta xarid qilish, chiptalarni oldindan bron qilish, servis xizmatlari ko‘satish kabi masalalar yuzasidan fikr mulohazalar va o‘z takliflarini bildirdilar.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ rahbariyati bu masala yuzasidan atroflicha so‘z yuritib, tur-kompaniyalar faoliyatini yanada yengillashtiradigan qator yangiliklar haqida ma'lumot berib o‘tdi. Yaqin kunlarda foydalanuvchilar sayt orqali elektron tijorat operatsiyalarini osonlik bilan amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

 Yana bir muhim yangiliklardan biri saytda turistik kompaniyalarning shaxsiy kabineti bo‘ladi. Tur-kompaniyalar o‘z mijozlariga chipta buyurtma qilish uchun kassaga kelishlariga hojat qolmaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

2018 yil avgust oyidan boshlab, Toshkent markaziy vokzalidagi chiptaxonada, sayyohlik agentliklariga pul o‘tkazmalari orqali chipta sotib olishlari uchun alohida kassa ishga tushgan. Ushbu kassa orqali o‘tgan yilning o‘zida 250 dan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa 150 dan ortiq sayyohlik firma va kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilib, hamkorlik qilinmoqda.

Shuningdek, aksionerlik jamiyati tomonidan sayyohlarga, umuman jamoa bo‘lib yo‘lga chiqqan yo‘lovchilarga sifatli transport xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida, 10 ga yaqin zamonaviy avtobus, mikroavtobuslar kabi transport vositalari xarid qilingan. Kelgusida xuddi shunday faoliyat turini yanada rivojlantirish maqsadida vokzallar xududida taksi xizmatini ham yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bu ham kelajakda yo‘lovchilar talabini ko‘proq qondirish, sayyohlarga sifatli transport xizmatlari ko‘rsatishda qo‘shimcha qulaylik hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilishga zamin yaratadi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid